Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida 7 oy davomida jinsiy ekspluatatsiya qilingan 14 yoshli qiz bilan uchrashdi, deya xabar bermoqda uning matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, uchrashuv davomida qizga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy ko‘mak, ta’lim shart-sharoitlari hamda emotsional-psixologik yordam holati o‘rganilgan. Bolalar ombudsmaniga ko‘ra, qizning hozirda ahvoli ancha yaxshilanib, barqarorlashgan, psixolog tomonidan unga muntazam ko‘mak ko‘rsatilmoqda, pedagoglar jalb qilingan holda bolaga maktab dasturidagi asosiy fanlardan darslar o‘tilmoqda.

“Ch.T. ingliz tili va kompyuter savodxonligiga katta ishtiyoq ko‘rsatyapti, tasviriy san’atga esa alohida qobiliyati bor. Samimiy suhbatimiz davomida qizcha kelgusidagi rejalari bilan bo‘lishdi, eng asosiy maqsadi ta’lim olib, huquqni muhofaza qilish sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lishga intilishini bildirdi”, — deyiladi xabarda.

Surayyo Rahmonova bunday jinoyat qurboni bo‘lgan bolaning har tomonlama reabilitatsiyasi, o‘z tengdoshlari doirasida normal ijtimoiylashuvi va, eng muhimi, ta’lim olish imkoniyatlari ta’minlanishi ustidan kuzatuvini davom ettirishini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, qiz 2023-yilning may oyidan 15-noyabrga qadar Shahrisabz tumani Xo‘jabog‘ qishlog‘ida yashovchi fuqaro N.A. (ayol)ning uyida zo‘rlik va tahdid orqali turli shaxslar bilan jinsiy aloqa qilishga majburlangan.

U Kitob tumanida yashovchi otasi G‘.J.ning qaramog‘ida bo‘lgan, onasi X.S. 2023-yil yanvar oyida Rossiyaga ishlash uchun ketgan.

Holat yuzasidan fuqaro N.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “a” bandi (18 yoshga to‘lmagani aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va u qamoqqa olingan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Avvalroq bolalar ombudsmani Qashqadaryo viloyatida erta nikoh holatlarini o‘rganayotgani ma’lum qilingandi.