O‘zbekiston Mudofaa vazirligi mamlakat o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun yetarli darajada Qurolli Kuchlarga ega ekani keltirib o‘tilgan postni e’lon qildi.

Bu haqda vazirlik matbuot kotibi Otabek Yuldashev o‘zining Telegram kanalida O‘zbekiston Konstitutsiyasining 153-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun yetarli darajada Qurolli Kuchlariga ega”, — deyilganiga asoslanib yozdi.

“Gazeta.uz”ning bunday bayonot nima bilan bog‘liq ekani to‘g‘risidagi savoliga Otabek Yuldashev Mudofaa vazirligining media markazi shu tarzda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32 yilligiga tayyorgarlik ko‘rayotgani, kelgusida Qurolli Kuchlar faoliyatining huquqiy asoslari haqida yana bir qancha postlar chiqarilishi rejalashtirilayotganini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 2017-yilda Mudofaa doktrinasini yangilagandi. Mazkur hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston Mudofaa doktrinasi mudofaa xarakteriga ega.

“O‘zbekiston Respublikasi hech bir davlatni o‘zining dushmani deb hisoblamaydi va barcha mamlakatlar bilan munosabatlarni mamlakat milliy manfaatlarining ustuvorligi asosida hamda xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan prinsiplari va normalarini inobatga olgan holda, o‘zaro naf ko‘rish, teng huquqlilik hamda boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, barcha nizoli masalalarni tinch vositalar va muzokaralar yo‘li bilan hal qilish, davlatlararo shakllangan chegaralarning buzilmasligi va o‘zgarmasligini tan olish asosida quradi”, — deyiladi doktrinada.

Hujjatda globallashuv davom etayotgan va xalqaro munosabatlarning butun tizimi o‘zgarib borayotgan sharoitlarda jahondagi harbiy-siyosiy vaziyat xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikka xavf-xatar hamda tahdidlar ko‘lami kengayib borayotgani qayd etilgan.

Bu omillar harbiy kuch ishlatishni talab qilishi mumkin, deyiladi Mudofaa doktrinasi. “Bunday sharoitda davlatning mudofaa salohiyati harbiy sohada milliy xavfsizlikka bo‘lgan tahdidlarni jilovlash, neytrallashtirish va tugatishning asosiy vositalaridan biri bo‘lib qoladi”, — deyiladi hujjatda.

Vazirlikning bu xabari rus siyosatchisi O‘zbekistonni Rossiyaga qo‘shib olish haqidagi bayonotidan so‘ng Tashqi ishlar vazirligi Rossiya elchisini vazirlikka taklif etgani fonida e’lon qilindi.

21-dekabr kuni Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Oleg Malginov Tashqi ishlar vazirligiga taklif etilgan. Uchrashuv davomida Rossiya vakiliga “Rossiya segodnya” matbuot-markazida bo‘lib o‘tgan anjumanda “Spravedlivaya Rossiya — za pravdu” partiyasi hamraisi Zaxar Prilepinning O‘zbekiston hududini Rossiyaga qo‘shib olish zarurligi haqidagi taklifi mamlakatda chuqur tashvish hissi bilan qabul qilingani qat’iy tarzda yetkazilgan.

Rossiya OAVda keng tarqalgan bu kabi bayonotlar ataylab provokatsion ruhda bo‘lib, ikki xalq o‘rtasida o‘rnatilgan tarixiy do‘stona munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, deb yozdi TIV.

Rossiyaning O‘zbekistondagi vakili sifatida elchi “O‘zbekiston Respublikasining suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligi uning mamlakatida hech qachon shubhaga olinmagan”ini bildirgan.