Senatorlar qirq sakkizinchi yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni ko‘rib chiqdilar. Qonun 21-noyabr kuni Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan qabul qilingandi.

So‘zga chiqqan senator Boriy Alixonov daraxtlarni noqonuniy kesish holatlari bo‘yicha 2021-yilda 8243 tup, 2022 4673 ta holat aniqlangan. 2023-yilning o‘tgan davrida esa 3,5 mingdan ziyod shu turdagi huquqbuzarlik aniqlanib, 6,5 mlrd so‘m jarima va 8,3 mlrd so‘m zarar summalari belgilangan.

Uning ta’kidlashicha, 2022-yilda Toshkent shahrida 289 ta qurilish obyektlari hududida 4429 tup daraxt qarovsiz qolishi, 80 tup daraxt qurib qolishi va kasallanishi aniqlangan. 2023-yilda esa xuddi shu holatlarda daraxtlarning qurib qolishi 98 tani tashkil etgan.

Boriy Alixonov. Foto: Senat matbuot xizmati.Boriy Alixonov. Foto: Senat matbuot xizmati.

Taklif etilayotgan qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga quyidagi o‘zgarishlar kiritilmoqda.

Daraxtlarni, butalarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, shikastlantirish yoki boshqa joyga ko‘chirish uchun belgilangan jarima miqdori 5 barobarga oshirilmoqda. Bunda ushbu huquqbuzarlik uchun jarima fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 25 barobaridan 50 barobarigacha (8,5 million so‘mdan 17 million so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa BHMning 50 barobardan 75 barobarigacha (17 milliondan 25,5 milliongacha) belgilanmoqda.

Ushbu huquqbuzarlik jarima qo‘llanilganidan keyin 1 yil davomida takror sodir etilganda jarima miqdori fuqarolarga BHMning 50 barobaridan 75 barobarigacha (17 milliondan 25,5 milliongacha) mansabdor shaxslarga esa 75 barobaridan 100 barobarigacha (25,5 milliondan 34 milliongacha) oshirish yoki huquqbuzarga nisbatan 15 sutkagacha bo‘lgan muddatda ma’muriy qamoqqa olish jazo chorasi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, daraxt va butalarning qimmatbaho turlarini kesish yoki yo‘q qilishga olib keladigan loyiha hujjatlarini tayyorlaganlik uchun mansabdor shaxslarga BHMning 50 barobaridan 75 barobarigacha miqdorda jarima shaklidagi ma’muriy javobgarlik kiritilmoqda.

Bundan tashqari, kodeksning 79-moddasida daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazishga nisbatan norma belgilanganligi sababli kodeksning 77-moddasi 1-qismi, 113-moddasi 1-qismi va 148-moddasining dispozitsiyalaridan noqonuniy daraxt kesganlik yoki kundakov qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik qismi chiqarilib, bir turdagi ma’muriy huquqbuzarlikka nisbatan 1 ta moddada bir xil javobgarlik belgilanmoqda.

Qonun bilan O‘simlik dunyosi muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga ham o‘zgartirish kiritilmoqda.

Xususan, Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini g‘ayriqonuniy ravishda kesganlik, yo‘q qilganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan BHMning 100 barobaridan 300 barobarigacha miqdorda (34 milliondan 102 milliongacha) moliyaviy sanksiya qo‘llanilishi belgilanmoqda.

Bunda tashqari Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlari g‘ayriqonuniy ravishda kesilgan yoki yo‘q qilingan taqdirda ushbu huquqbuzarlikni sodir etgan shaxs har bir daraxt va buta o‘rniga qimmatbaholigi jihatdan kam bo‘lmagan 100 tup daraxt va buta ko‘chatini aynan o‘sha joyga o‘z hisobidan ekishi hamda ularni 3 yil davomida parvarish qilishi shartligi belgilanmoqda.

Senatorning qayd etishicha, mazkur norma keyinchalik ham ushbu hududda qurilish amalga oshirilishi mumkin emasligini anglatadi hamda quruvchi tashkilotlar tomonidan daraxt kesish holatlarining oldini olish bilan birga bu borada jismoniy va yuridik shaxslarning mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi.

“Aholi o‘rtasida bunday holatlarga nisbatan befarqlik, e’tiborsizlik mutlaqo yo‘q bo‘ldi desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Mamlakatimizning qaysi bir yerida bo‘lmasin, birorta daraxt noqonuniy kesilgudek bo‘lsa, birinchi navbatda, jamoatchilik (OAV, ijtimoiy tarmoqlar) shu zahotiyoq xabar topib, bong urmoqda. Va zudlik bilan ta’sir choralari ko‘rilmoqda. Lekin shunga qaramasdan, masala hamon dolzarb. Daraxtlarni nobud qilish og‘ir oqibatlarga olib kelishini hamma ham chuqur anglab yetayotgani yo‘q” — dedi Senat raisi Tanzila Narbayeva.

Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. Qonun prezident imzolashi uchun yuborildi.

Eslatib o‘tamiz, avgustda O‘zbekiston prezidenti daraxtlarni noqonuniy kesganlik uchun jazoni kuchaytirish bo‘yicha parlament tomonidan qabul qilingan qonunni rad etgandi. Hujjat jarimalar miqdori kam bo‘lgani tufayli rad etilgan bo‘lishi taxmin qilingandi.