Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova rossiyalik siyosatchi Zaxar Prilepinning O‘zbekistonni Rossiyaga qo‘shib olish haqidagi bayonotidan so‘ng munosabat bildirdi.

“Rossiya va O‘zbekistonni har tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari bog‘lab turadi. Va bu shunchaki yoqimli ibora emas. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil oktabr oyida mamlakatimizga rasmiy tashrifining ta’sirchan yakunlari, ikki davlat rahbarlarining keng ko‘lamli yig‘ilishida hukm surgan iliq muhit buning yaqqol dalilidir”, — deya boshlanadi bayonot.

TIV vakilining ta’kidlashicha, Rossiya 2004-yil 16-iyundagi strategik sheriklik va 2005-yil 14-noyabrdagi ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomalarga to‘liq sodiq. O‘zaro majburiyatlarga ko‘ra, hamkorlik suverenitetni hurmat qilish, aralashmaslik, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik asosida qurilgan. Ikki davlat vakillarining MDH, SHHT va BMTdagi faoliyati teng huquqlilik va manfaatlarni o‘zaro hisobga olish ruhi bilan sug‘orilgan.

Yuqoridagilardan kelib chiqilsa, Prilepinning bayonotlari uning shaxsiy fikri hisoblanadi va Rossiya Federatsiyasining rasmiy pozitsiyasidan ancha uzoqda, dedi Zaxarova.

Voqealar rivoji

20-dekabr kuni rossiyalik siyosatchi Zaxar Prilepin SSSRga tegishli bo‘lgan barcha hududlarni tiklash taklifi bilan chiqdi. U misol sifatida O‘zbekistonni qo‘shib olib, u yerda rus tilini o‘rgatish kerakligini aytdi. O‘zbek jamoatchiligi taklifni mustaqillikka tajovuz sifatida baholab, TIV rasmiy nota yuborishi kerakligini ta’kidladi.

Bir muddat o‘tib, O‘zbekiston TIV rossiyalik siyosatchining respublikani Rossiyaga qo‘shib olish haqidagi so‘zlari ortidan Rossiya elchisini vazirlikka taklif qildi.

Uchrashuvda Rossiya vakiliga yuqoridagi taklif mamlakatda chuqur tashvish hissi bilan qabul qilingani qat’iy tarzda yetkazildi. Rossiya OAVda keng tarqalgan bu kabi bayonotlar ataylab provokatsion ruhda bo‘lib, ikki xalq o‘rtasida o‘rnatilgan tarixiy do‘stona munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi aytildi.

Bu voqealar fonida Mudofaa vazirligi Konstitutsiyaning 153-moddasidan iqtibos keltirib, O‘zbekiston o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun yetarli Qurolli Kuchlarga ega ekanini eslatdi.