Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi “O‘zenergoinspeksiya” bilan birgalikda noyabr-dekabr oylarida mamlakatning barcha hududlaridagi yonilg‘i quyish shoxobchalarida benzin sifatini tekshirish maqsadida nazorat xaridlarini o‘tkazdi.

Hammasi bo‘lib 82 ta shoxobchadan benzin namunalari xarid qilindi va laboratoriyalarga topshirildi.

Tahlillar natijasida 21 ta holatda benzin mahsulotlarining sifati belgilangan talablarga javob bermasligi, 4 ta holatda esa belgilangan miqdordan kam quyish holatlari aniqlangan. Bunda, dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, iste’molchilarga 300 million so‘mga yaqin zarar yetkazilgan.

Qo‘mita laboratoriyasi ma’lumotlariga ko‘ra, quyidagi shoxobchalarda quyilayotgan benzin sifat darajasiga javob bermaydi:

  • “Gulnora gaz servis” (Qoraqalpog‘iston);
  • Bars (Toshkent viloyati);
  • International Petroleum (Sirdaryo viloyati);
  • “Iskra”, “Xamkor Imej”, Nazar Ota, Sher Grand Gaz, “Shodlik tuxfasi” va Versal Oil (Jizzax viloyati);
  • “Qaro Oltin Yog‘dusi”, “Lutf HAQ”, “Vodiy propan gaz servis” va “Offise brokers” (Farg‘ona viloyati);
  • “Maks Eko oyl” (Qashqadaryo viloyati);
  • Markaziy Gaz Oyl, Brava Oil Co, Foykon, Mohinur Oil, Boburshox Plyus Oil, Elit Tranzit Oyl, Mustaqillik-2001 (Andijon viloyati).

Shuningdek, Andijon viloyatidagi “Rasul” ko‘p tarmoqli xususiy savdo korxonasi, City petrol, Buxoro viloyatidagi Jasur Jo‘rabek Tolib nuri va Xush Baxt Zar`ga qarashli AYOQSHlarda benzin mahsulotlarini kam quyish holatlari aniqlangan.

Raqobat qo‘mitasi ushbu holatlar yuzasidan ish qo‘zg‘atdi va iste’molchilarga yetkazilgan zararni qoplash ustida ishlamoqda.