AQSh hukumati mamlakatga noqonuniy kirib kelgan 119 nafar O‘zbekiston fuqarosini vataniga qaytardi. Bu haqda Toshkent xalqaro aeroportiga yetib kelgan o‘zbekistonliklarni kutib olgan UzReport telekanali xabar berdi. Video Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining Telegram kanalida e’lon qilindi.

Kelganlardan birining so‘zlariga ko‘ra, u do‘sti bilan savdo do‘konida yuk tashuvchi bo‘lib ishlash va oyiga 10−12 ming dollar pul topish uchun ketgan. Biroq ikki−uch yilda topgan pulini uch oyda sarflab kelgan.

“3-sentabr kuni qamoqxonaga kirgandik, 110 kun ushlab turib, mana shu bugun keldik. O‘zi bo‘lmadi, u yerda non yemas ekan, bizlar esa nonni yaxshi ko‘ramiz, non berishmadi. Ular ovqatni, hamma narsani qovurib emas, qaynatib yerkan. Shu qiyinchiliklarni ko‘rib keldik”, — dedi fuqarolardan biri.

U Meksikaga qadar 30 kun yo‘l bosib o‘tgan. Amerikaga o‘tkazib qo‘yish uchun undan 5 ming dollar so‘rashgan.

“Mablag‘imning ozrog‘i qarz, qolgani o‘zimdan edi. Shularning o‘rnini to‘ldiramiz, deb ishlashga borgandik. Nikaragua va Meksikadan o‘tkazib, Amerikaga kirgizib qo‘yish 5 ming dollar ekan. Qiyinchiliklar bo‘ldi: militsiya to‘xtatdi. Qaytaraman, deport qilaman deganda yonimizdan xarajat qildik. 1,5−2 ming dollar berdik. Aytganimdek, Amerika qamoqxonasiga kimdir bordimi, uni o‘zbekchasiga aytganda qorovullarga, “oxrannik”larga topshiradi. Ular esa men qorovulman, hech narsani bilmayman, meni vazifam seni xavfsizligingni ta’minlash, [qolganini] IC (Amerika Qo‘shma Shtatlari Razvedka jamiyati — tahr.) xodimlari hal qiladi, deydi. Bir haftada bir marta telefonda gaplashishga 10 minut vaqt beradi” — dedi erkak.

Yana bir o‘zbekistonlik to‘rt oy davomida Amerika qamoqxonasida saqlangan. U AQShda oshpazlik qilmoqchi bo‘lgan.

“18 ming [dollar]ga quydim. To‘rt oy Amerikaning turmasida yotdim. Qiyinchiliklar yo‘q, lekin farzandlaringiz bilan gaplasha olmaysiz, ularni ko‘rolmaysiz. Yarim yil yo‘lda yurdim”, — dedi u.

Boshqa bir fuqaro u yerda ish topish qiyin ekanini, hatto, 3−4 oylab ishsiz qolib ketayotgan ayollar borligini aytgan. Uning ma’lum qilishicha, Amerikada, asosan, Markaziy Osiyo fuqarolari uchun reydlar boshlangan.

“Hujjati yo‘qlar, hujjat qilmasdan ishlayotgan ayollar, ichgan holda mashina haydayotganlarni ushlayapti. Eshitganim, ketganlarni ikki, uch oylab qamoqda ushlab o‘tiradi. Keyin Amerikaga kirgizmasdan, deportatsiya qilib yuborishyapti”, — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yildan 2023-yilgacha AQSh hukumati tomonidan “alohida qiziqish uyg‘otuvchi shaxslar” sifatida tasniflangan o‘n minglab muhojirlar Meksika orqali AQShga noqonuniy kirishga harakat qilishgan. Qo‘lga olinganlarning 13 mingdan ortig‘i O‘zbekiston fuqarolaridir.