Shavkat Mirziyoyev 20-dekabr kuni Raqamli texnologiyalar vazirligiga tashrif buyurdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Raqamli boshqaruv markazida mamlakatni mintaqaviy IT-xabga aylantirish borasidagi ishlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Xabarda bu borada amalga oshirilgan ishlar natijalari haqida so‘z boradi: agar 2017-yilda mamlakatda IT-kompaniyalar soni 147 ta bo‘lgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 1600 taga yetdi. Ish o‘rinlari soni ham qisqa vaqt ichida 10 barobar ko‘payib, 24 mingdan oshdi. 2017-yilda 600 ming dollar bo‘lgan eksport hajmi joriy yil yakuni bilan 300 million dollardan oshishi kutilmoqda.

Bugungi kunda my.gov.uz yagona portali orqali 8 milliondan ortiq fuqarolar 570 turdagi onlayn xizmatlardan foydalanmoqda. Ijro intizomi yagona tizimi — ijro.gov.uz orqali davlat idoralari va ularning quyi bo‘g‘inlari xodimlari tomonidan 28 millionta hujjat elektron ayirboshlangan.

Prezident bu tizim rahbarlarning ongi va mas’uliyatini o‘zgartirganini ta’kidlab, hujjatlar integratsiyasi va sifatini yaxshilash, ijro intizomi nazoratini kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

2022-yilda BMTning Elektron hukumat reytingida O‘zbekiston 18 pog‘ona yuqorilab, 69-o‘rinni egalladi. 2030-yilga borib, ushbu reytingda birinchi o‘ttiztalikka kirish bo‘yicha yillik chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.

“O‘zbekiston-2030” strategiyasida IT-xizmatlar va dasturiy mahsulotlar eksporti hajmini 5 milliard dollarga yetkazish vazifasi belgilangan. Buning uchun hududlarda IT-infratuzilmani va venchur bozorini rivojlantirish, mahalliy korxonalarni eksportga olib chiqish, mamlakatda xalqaro kompaniyalarning ofislarini ochish kabi ko‘plab choralar ko‘zda tutilgan.

Shu maqsadda ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olish, IT-park hududida Angliya huquqini joriy etish, rezidentlar uchun soliq imtiyozlarini 2040-yilgacha uzaytirish, umuman, bu sohaga 100 yillik qulaylik yaratish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

Davlat rahbari O‘zbekistonning axborot texnologiyalari, turizm, investitsiya salohiyatini uyg‘unlashtirgan yaxlit imijini yaratish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Taqdimotda sohaga ixtisoslashgan ta’lim to‘g‘risida ham axborot berildi. So‘nggi 3 yilda IT-o‘quv markazlari soni 300 dan oshdi.

2019-yilda boshlangan “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida o‘qitilib, sertifikatlangan yoshlar soni 1,2 million nafarni tashkil etdi. O‘tgan yildan boshlab xalqaro IT-sertifikatlarga o‘qish xarajatlarini 50 foizgacha qoplab berish yo‘lga qo‘yildi. 215 ming nafar yosh xalqaro onlayn kurslarni tamomlab, sertifikatlar oldi.

Bu ishlarning davomi sifatida 2024-yildan boshlab har yili 5 ming nafar iqtidorli yoshlarni saralash, o‘qitish hamda halqaro mehnat bozoriga tayyorlash tizimi joriy etiladi. Xorazm viloyatida “Al-Xorazmiy vorislari” loyihasida o‘qitish boshlanadi. Umuman, IT sohasida 300 ming nafar yoshlarni xalqaro kompaniyalar talabiga mos dasturlar asosida tayyorlash va ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan.

Shu yerda kosmik geoaxborot tizimi orqali suv omborlari hamda yer qa’ridan foydalanish holatlarini monitoring qilish dasturi haqida ma’lumot berildi.

Prezident “Uzinfokom” yagona integratori ofisida yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi, mutaxassislar bilan suhbatlashdi.

“Sizlar hozirgi islohotlarda bizning eng ishongan kuchimiz. Kelajakda sizdek mutaxassislarga ehtiyoj yanada oshadi. Har bir soha va hudud raqamli texnologiyalar bilan hamohang rivojlanmasa, mamlakat rivojlanmaydi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘sha yerda sun’iy intellekt asosida biometrik identifikatsiya qilish, sog‘liqni saqlash sohasini raqamlashtirish, elektr ta’minoti billingi bo‘yicha axborot berildi. Davlat rahbari ijtimoiy sohalar, ayniqsa, tibbiyot sohasining raqamli tizimini takomillashtirish, odamlarni rozi qilish zarurligini ta’kidladi.

Prezidentga Samarqand viloyati Nurobod tumanida tashkil etilgan IT Village haqida ma’lumot berildi. Bu majmua 1−9-sinf o‘quvchilarini axborot texnologiyalari bilan tanishtirish va bunga qiziqtirish, ularga ilk ko‘nikmalarni o‘rgatishga qaratilgan.

Davlat rahbari bunday majmualarni barcha hududlarda tashkil etish bo‘yicha topshiriq berdi.