20-dekabr kuni poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanida harakatlanib ketayotgan yo‘lovchi avtobusida sodir bo‘lgan qisqa tutashuv yong‘inga sabab bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Toshshahartransxizmat” AJ matbuot xizmati.

Hodisa soat 20:00 da 151-sonli Mercedes-Benz (2008-yilda ishlab chiqarilgan) Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi Kimyo instituti binosi qarshisida harakatlanayotgan vaqtda ro‘y bergan.

Dastlabki ma’lumotga ko‘ra, avtobusda yuqori bosimli havo quvurining yorilishi tufayli qisqa tutashuv yuzaga kelgan.

автобус, yong‘in, тошшаҳартрансxizmat

Haydovchi tutunni o‘chirish uchun dastlabki choralarni ko‘rishiga qaramay, qisqa tutashuv alangaga aylangan, deyiladi xabarda. Voqea joyiga FVV yong‘in qutqaruv bo‘linmasi tezkor guruhi chaqirilib, yong‘in tez fursatda bartaraf etilgan.

“Toshshahartransxizmat” hodisa oqibatida jarohat olganlar yo‘qligi, avtobusning dvigatel qismiga zarar yetganini bildirdi.

AJning ishlab chiqarish texnik bo‘limi xodimlari tomonidan xizmat tekshiruvi olib borilayotgani qo‘shimcha qilindi.