Shavkat Mirziyoyev 18-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda sotuvchilar, xaridorlar va sayyohlar uchun bozorlarning qulaylik masalalarini muhokama qildi.

Bozorlarda sayyohlar uzoq ushlanib qolmayotgani, ayrim bozorlardagi kirib-chiqishdagi noqulayliklar, tirbandlik aholi va sayyohlar e’tiroziga sabab bo‘layotgani ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan bozorlarni turistlar kunlab vaqtini o‘tkazishi mumkin bo‘lgan majmualarga, mamlakatning “tashrif qog‘ozi”ga aylantirish muhimligi aytildi. Prezident milliy madaniyatni aks ettirgan yangi zamonaviy bozor komplekslari loyihasini ishlab chiqishni topshirdi.

Avvalroq Atlas konsalting kompaniyasining hududiy rivojlantirish sohasidagi tadqiqotida O‘zbekiston bozorlari unikalligi va o‘ziga xos muhitini saqlab qolgan holda zamonaviylashtirilsa, jahon bozorida raqobatlasha oladigan bozorlarga aylanishi mumkinligi haqida so‘z borgandi.

Shuningdek, yig‘ilishda sayyohlarni jalb etish maqsadida xorijda oltin buyumlar savdosi keng yo‘lga qo‘yilgani ham ta’kidlandi.

O‘zbekistonda buning uchun yetarli shart-sharoit yaratilgan bo‘lsa-da, so‘nggi ikki yil ichida juda kam tilla buyumlar sotilgan, deya qayd etdi davlat rahbari matbuot kotibi.

Shu bois 2024-yilda zamonaviy zargarlik komplekslarini har bir hududda tashkil qilish muhimligi ta’kidlandi. Ulardagi do‘kon va rastalar, zargarlik uskunalari 7 yilga bo‘lib to‘lash sharti bilan lizingga beriladi. Shuningdek, mamlakatda xalqaro “O‘zbekiston ipak matolari” moda haftaligini tashkil qilish taklifi bildirildi.

Sayyohlik salohiyatidan samarali foydalanish uchun mehmonxona va mehmon uylari sonini ko‘paytirish rejalashtirilgan.

Tarixiy-kurort sayyohlik obyektlarining (Xonobod, Boysun, Baxmal, Forish, Angren va Ohangaron) master rejalarini tayyorlash, ularning infratuzilmasi uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratishga qaror qilindi.

Omonxona, Maydanak kabi turistik obyektlar infratuzilmasini yaxshilashga 30 million dollar yo‘naltirish, turizm obyektlariga olib boruvchi yo‘llar infratuzilmasiga qo‘shimcha 200 milliard so‘m ajratish qaror qilindi.