Buxoro tumanining sobiq hokimi Xayrullo Jo‘rayev va Namangan viloyati hokimining qurilish masalalari bo‘yicha sobiq o‘rinbosari Saidahmad Sultonov qamoqqa olindi.

Buxoro viloyat sudlari matbuot xizmatining xabar qilishicha, Xayrullo Jo‘rayev Jinoyat kodeksining 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a” bandi, 206-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 2-qismi “a” bandi, 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) 1-qismi, 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandi va 229−4-moddasi (Yer berish tartibini buzish) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinmoqda.

bухоро tumani ҳоқими, нaмaнгaн, сaидaҳмaд султоноv, хaйрулло жўрaеv
Foto: Buxoro viloyati hokimligi.

16-dekabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudining ajrimi bilan Buxoro viloyati prokurorining birinchi o‘rinbosarining iltimosnomasi qanoatlantirilib, Xayrullo Jo‘rayevga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan va tergov hibsxonasiga joylashtirilgan.

Xayrullo Jo‘rayev 2020-yilning dekabrida Buxoro tumani hokimi etib tasdiqlangan. 2023-yilning avgust oyida uning o‘rniga Halimjon Safarov tuman hokimi v.b. etib tayinlangan.

Namangan viloyati sudlari matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, viloyat hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlagan Saidahmad Sultonov ham qamoqqa olindi.

bухоро tumani ҳоқими, нaмaнгaн, сaидaҳмaд султоноv, хaйрулло жўрaеv
Foto: Namangan viloyati hokimligi.

U Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi “a” bandi va 206-moddasi 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinmoqda. Unga nisbatan Namangan shahar sudining 16-dekabrdagi ajrimi bilan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan va tergov hibsxonasiga joylashtirilishi belgilangan.