18-dekabr kuni Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 12-paketi bo‘yicha kelishib oldi. Uning ro‘yxatidan 1966-yilda Toshkentda tug‘ilgan Rossiya fuqarosi Andrey Xoxlun ham joy olgan.

O‘n ikkinchi paket doirasida 140 dan ortiq jismoniy va yuridik shaxsga cheklov kiritilgan. Ular orasida “Rosfinmonitoring”, “MirTelekom” aloqa operatori, “AlfaStraxovaniye” guruhi, Chelyabinsk traktor zavodi, “Tupolev” konstruktorlik byurosi va Tataristondagi “Alabuga” maxsus iqtisodiy zonasi bor.

Sanksiya xabarida Andrey Xoxlun haqida so‘z borarkan, uning Rossiyadagi mikroelektronika ishlab chiqaruvchi kompaniyalarga, shu jumladan, Rossiya harbiy-sanoat kompleksiga kiruvchi yoki Rossiyaning mudofaa va xavfsizlik sektorini qo‘llab-quvvatlovchi korxonalarga xorijiy yarimo‘tkazgichlar texnologiyasini o‘tkazishga ixtisoslashgan “Mikrotex” kompaniyasi egasi va bosh direktori ekani qayd etilgan.

Bundan tashqari, “Mikrotex” YeI sanksiyalariga uchragan tovarlarni import qiladi. “O‘z pozitsiyasi orqali Xoxlun Qrimning anneksiya qilinishi va Ukrainadagi beqarorlik uchun mas’ul bo‘lgan Rossiya hukumatini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlamoqda”, — deyiladi hisobotda.

sentabr oyida AQSh moliya vazirligi Xoxlunni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgandi. Unda “Mikrotex” kompaniyasi iyul oyidan beri sanksiyalar ostida qolayotgani, “qora ro‘yxat”ga uning yana ikkita kompaniyasi — Rossiyaning “Keko R” va Sloveniyaning Arktec kompaniyalari kiritilgani haqida so‘z borgan.

Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalarining 12-paketi Rossiyadan zargarlik buyumlari olmoslarini olib kirishni, shuningdek, o‘ta nozik tovarlar va texnologiyalarni reeksport qilishni taqiqlashni o‘z ichiga oladi.