Toshkent shahri, Buxoro hamda Namangan viloyatlarida ham maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun yagona to‘lov tariflari belgilandi. Bu haqda Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi matbuot xizmati xabar qildi.

Unga ko‘ra:

  • Toshkent shahri bo‘yicha aholi uchun 7500 so‘m (avval 4500 so‘m edi) hamda yuridik shaxslarga 1 tonna uchun (QQSsiz) 188 ming 808 so‘m va 1 m³ uchun (QQSsiz) 89 ming 977 so‘m to‘lov miqdori belgilandi (29-noyabrda Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi tariflar oshishi bo‘yicha qarorni tasdiqlagandi);
  • Buxoro viloyatida esa aholi uchun shaharlarda 1 kishiga oylik 5000 so‘m (avval 3650 so‘m), tumanlarda 4000 so‘m (avval 2500) hamda yuridik shaxslarga 1 tonna uchun (QQSsiz) shaharlarda 186 ming so‘m, tumanlarda 160 ming so‘m va 1 m³ uchun (QQSsiz) shaharlarda 83 ming so‘m, tumanlarda 71 ming so‘m to‘lov miqdori etib belgilanishi ma’qullandi;
  • Namangan viloyati bo‘yicha aholi uchun 5000 so‘m (avval 2500) hamda yuridik shaxslarga 1 m³ uchun (QQSsiz) 50 ming so‘m to‘lov miqdori belgilandi.

чиқинди

Respublika markazining qayd etishicha, o‘tgan davr mobaynida to‘lov tariflariga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi asosiy omillar, xususan, ish haqi 1,5 baravarga, avtotransport yoqilg‘i-moylash mahsulotlari va ehtiyot qismlari qiymati hamda kommunal xizmatlar, jumladan, elektr energiyasi, ichimlik va oqova suvi narxlari 2 baravarga, siqilgan tabiiy gaz narxi 4 baravarga, benzin 1,5 baravarga, dizel yoqilg‘isi esa 2 baravarga oshgan.

“Biroq hududlarda qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun tasdiqlangan to‘lov tariflari oxirgi 2−4 yil davomida qayta ko‘rib chiqilmagan, bu esa sanitar tozalash korxonalarining moliyaviy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ularning 2022-yil yakuni bo‘yicha rentabellik darajasi keskin pasayib ketgan”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq, Toshkent, Samarqand, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun yagona to‘lov tariflari belgilangan edi.