Rossiya O‘zbekiston bilan sanoat kooperatsiyasini mustahkamlashni davom ettirish niyatida, dedi Rossiya Federatsiyasi bosh vaziri o‘rinbosari, sanoat va savdo vaziri Denis Manturov 15-dekabr kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya yig‘ilishida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya O‘zbekiston iqtisodiyotining asosiy sarmoyadorlaridan biridir. Rossiya kompaniyalari investitsiyalari hajmi allaqachon 1,2 trillion rubldan (taxminan 13,37 milliard dollar) oshgan.

“Bu, masalan, yirik infratuzilma va sanoat obyektlariga tegishli. Endilikda biz O‘zbekiston tomonining tashabbusi bilan Rossiya sanoat kompaniyalari ishtirokida va moliya institutlari ko‘magida Tebinbuloq koni negizida metallurgiya klasterini barpo etish, “Olmaliq KMK”da misni qayta ishlash zavodi, Buxoro viloyatidagi gaz-kimyo majmuasi va issiqlik elektr stansiyalari loyihalar ustida ishlayapmiz”, — dedi u.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda Chirchiq shahri va Jizzax viloyatida allaqachon ochilgan qo‘shma sanoat parklarining tashkil etilishi sanoat kooperatsiyasini mustahkamlaydi, deb hisoblaydi u. “Keyinchalik biz bu amaliyotni Navoiy, Buxoro va Samarqand viloyatlarida ham qo‘llashni rejalashtirmoqdamiz”, — deya qo‘shimcha qildi Rossiya hukumati raisi o‘rinbosari.

Hukumatlararo komissiyaning 24-majlisida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev ham ishtirok etdi. U Rossiya va O‘zbekiston sanoat vazirliklari va idoralari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik bilan bir qatorda Toshkentdagi “Innoprom. Markaziy Osiyo” va Qozondagi uchinchi mintaqalararo forum ikki mamlakat ishbilarmon doiralari, ishlab chiqaruvchilari va mintaqalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash uchun samarali platformaga aylandi.

“Moliya-bank sohasidagi hamkorlik haqida gapirar ekanman, O‘zbekiston tomoni tomonlar manfaatlarini hisobga olgan holda mamlakatlarimizning milliy valyutalarida o‘zaro hisob-kitoblar mexanizmini faollashtirishga tayyorligini ta’kidlamoqchiman”, — deya uning so‘zlaridan iqtibos keltirdi Rossiya hukumati sayti.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Kichik va o‘rta korxonalarni rivojlantirish federal korporatsiyasi va O‘zbekiston Biznesni rivojlantirish banki o‘rtasida sanoat kooperatsiyasi va raqamli tizimlar integratsiyasi sohasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyatining Chirchiq shahridagi sanoat parki Rossiya kompaniyalari ishlab chiqarishini O‘zbekistonda mahalliylashtirishga mo‘ljallangan.