Yevropa Ittifoqiга a’zo davlatlar rahbarlaridan iborat Yevropa kengashi Ukraina va Moldova bilan ittifoqqa qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarni boshlash va Gruziyaga nomzod maqomini berishga qaror qildi. Bu haqda 14-dekabr kuni kengash rahbari Sharl Mishel Bryusseldagi YeI sammitining birinchi kuni yakunlari bo‘yicha ma’lum qildi.

Yevropa Kengashi, shuningdek, mamlakat a’zolik mezonlariga to‘liq javob bera boshlaganidagina Bosniya va Gersegovina bilan Yevropa Ittifoqiga kirish bo‘yicha muzokaralarni boshlashga qaror qildi.

Ukraina va Moldova prezidentlari Vladimir Zelenskiy va Mayya Sandu Yevropa kengashi qarorlarini olqishladi.

“Bu Ukraina uchun g‘alaba. Butun Yevropa uchun g‘alaba. Rag‘batlantiruvchi, ilhomlantiruvchi va mustahkamlovchi g‘alaba”, — deb yozdi Zelenskiy X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida.

“Bugun biz Yevropaning iliq quchog‘ini his qilyapmiz. Yo‘limizni qo‘llab-quvvatlaganingiz va ishonchingiz uchun tashakkur”, — dedi Sandu va Moldova Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun “qattiq mehnatga tayyor” ekanini qo‘shimcha qildi.

  • Ukraina va Moldova YeIga a’zo bo‘lish uchun 2022-yil fevral oyi oxirida, Rossiyaning keng miqyosli bostirib kirishi boshlanganidan so‘ng ariza berdi. Har ikki davlatga o‘tgan yilning iyun oyida nomzod maqomi berilgan edi.
  • Noyabr oyi boshida Yevrokomissiya Yevropa Ittifoqi kengashiga Ukraina va Moldova bilan Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha rasmiy muzokaralarni boshlashni tavsiya qildi. Ularni boshlashdan oldin mamlakatlar milliy qonunlarni Yevropa Ittifoqi qoidalariga moslashtirishi kerak.
  • Vengriya hukumati avvalroq Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga a’zoligi bo‘yicha muzokaralar boshlanishiga faol qarshilik ko‘rsatgan. Avvalroq qarorga to‘sqinlik qilishga va’da bergan Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Bryusseldagi sammitdagi ovoz berish chog‘ida zalni tark etdi. Bu Yevropa Ittifoqining qolgan 26 davlati rahbarlariga bir ovozdan qaror qabul qilish imkonini berdi. Politico nashrining yozishicha, Germaniya kansleri Olaf Shols Orbanni majlisni tark etishga ko‘ndirgan.
  • Sammitda Yevropa Ittifoqi davlatlari ham Ukrainaga 50 milliard yevrolik moliyaviy yordam paketini tasdiqlashi kerak edi, biroq Vengriya bosh vaziri bu qarorga veto qo‘ydi. Yevropa Kengashi rahbari YeI kelasi yil boshida bu masalani ko‘rib chiqishga qaytadi, deb ishontirdi.