Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 99-maktabning 8-sinf o‘quvchisi tok urishi oqibatida vafot etgani ortidan maktab direktori o‘rinbosari qamoqqa olindi. Bu haqda “Gazeta.uz”ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.

Maktabning xo‘jalik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosariga Jinoyat kodeksining 207-moddasi 3-qismi “a” bandi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash odam o‘lishiga sabab bo‘lsa) va boshqa moddalari bilan ayblov e’lon qilingan. Unga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Eslatib o‘tamiz, 28-noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda o‘quvchi maktab hududida ochiq elektr simiga tegib ketib, elektr toki urishi oqibatida vafot etgani haqida ma’lumot tarqalgan.

Biroq poytaxt maktab ta’limi boshqarmasi bolani elektr toki urganini rad etib, o‘quvchi o‘yin maydonchasidan chiqib ketayotganda hushini yo‘qotgani, keyinroq kasalxonada vafot etganini bildirgan.

Keyinroq Bosh prokuratura sud-tibbiyot ekspertizasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, o‘quvchining o‘limiga elektr toki urishi sabab bo‘lganini ma’lum qilgan.