BMT Bosh Assambleyasi Falastin-Isroil mojarosi hududida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi. Bu haqda tashkilot axborot xizmati xabar qildi.

Unda so‘zga chiqqan assambleya prezidenti Dennis Frensis G‘azodagi gumanitar inqiroz yanada kuchayishi xavotirini bildirdi.

“Bizning yagona ustuvor vazifamiz faqat bitta — odamlar hayotini saqlab qolish. Men sizdan insoniyat nomi bilan so‘rayman: bu zo‘ravonlikni hoziroq to‘xtating”, — dedi u.

Rezolyutsiya tashabbuskorlar Misr va Mavritaniya hisoblanadi. Rezolyutsiyani 153 davlat, jumladan, O‘zbekiston, Rossiya, Xitoy, Braziliya va BAA qo‘llab-quvvatladi. 10 davlat, jumladan Isroil va AQSh bunga qarshi chiqdi. 23 davlat betaraf qoldi.

Eslatib o‘tamiz, 28-oktabr kuni ham BMT Bosh assambleyasi G‘azo sektorida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qilgandi. Uni 120 ta davlat (jumladan, O‘zbekiston ham) yoqlab ovoz bergandi.

Avvalroq BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida HAMASning Isroilga hujumi “yo‘q joydan paydo bo‘lmaganini” aytgandi. Bu fikr Isroil hukumati tomonidan qattiq tanqidga uchrab, mamlakat rasmiylari Guterrishning iste’fosini so‘ragan.

Shuningdek, Xalqaro Amnistiya inson huquqlari tashkiloti Isroil va HAMASni harbiy jinoyatlarda ayblab, urushni zudlik bilan tugatishga chaqirgan bayonoti e’lon qilingandi.