11-dekabr kuni “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Anvar Jo‘rayev avtobus haydovchilarining mobil telefondan foydalanish holatlarini aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan reydda ishtirok etdi, deb xabar qildi kompaniya matbuot xizmati.

Yetti nafar haydovchi avtobuslarni boshqarayotganda telefondan foydalangan. Yo‘l harakati qoidalari va ichki mehnat qoidalari qo‘pol ravishda buzilgani sababli ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan. Kompaniya ularning ismlarini va ishlagan yo‘nalishlarni e’lon qildi: 89, 135, 44, 43, 35, 46 va 53-raqamli avtobuslar.

“Toshshahartransxizmat” yo‘lovchilarni avtobus haydovchisining mobil telefondan foydalanganiga guvoh bo‘lgan taqdirda, 1062 ishonch telefoniga murojaat qilishni yoki Instagram`da kompaniyaning @toshbus sahifasini belgilagan holda post yoki storis qo‘yishni so‘radi.

“Biz, albatta, bu kamchiliklarni bartaraf qilish choralarini ko‘ramiz”, — deb ta’kidladi kompaniya.