Oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarga qishki ta’til mobaynida mahalliy yo‘nalishdagi qatnovlar uchun chegirmalar beriladi, deya xabar qildi “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” kompaniyasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, 50 foizli chegirma 25-dekabrdan 7-yanvarga qadar barcha mahalliy yo‘nalishdagi yo‘lovchi poyezdlar uchun amal qiladi. Biroq u SV/VIP klass vagonlari va yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdi biletlari uchun qo‘llanmaydi.

Chiptalarni sotib olish uchun pasport bilan temiryo‘l kassalariga borish yoki elektron tarzda eticket.railway.uz saytidan foydalanish mumkin, deyiladi xabarda.

Kompaniya, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda chiptalar sotilib bo‘lgach, talabalarga poyezd uchun chegirma e’lon qilingani haqida tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, ASU Express tizimida yo‘lovchi poyezdlarga chiptalar 45 kun oldindan sotuvga chiqadi. Yangi yil bayrami oldidan yo‘lovchilar oqimi ortib, talabalar, Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi fuqarolar o‘z manzillariga yetib borish va bayramni oila davrasida nishonlash uchun temir yo‘l transportidan foydalanadi.

“Shuni alohida ta’kidlash joizki, elektron tarzda 1 sutka mobaynida talabalar tomonidan 1000 ga yaqin chiptalar rasmiylashtirildi. Chegirmali chiptalarni talabalar hozir ham elektron tarzda xarid qilishlari mumkin. Qo‘shimcha yo‘lovchi poyezdlarga qo‘shimcha vagonlar ham ulanadi”, — deyiladi xabarda.

Hozirgi kunda Toshkent — Urganch, Toshkent — Nukus, Toshkent — Samarqand, Toshkent — Qarshi yo‘nalishida qo‘shimcha yo‘lovchi poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqida qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

Qo‘shimcha ma’lumotlar uchun:

  • aloqa markazi: 1005;
  • ishonch telefoni: +998 71 299 94 50.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Uzbekistan Airways tomonidan qishki ta’til munosabati bilan o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalarida o‘quvchi talabalarga 23-dekabrdan 7-yanvargacha 50 foizli chegirma berilishi xabar qilingandi.