Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Darxon” (sobiq “Skazka”) bog‘i rekonstruksiyadan so‘ng foydalanishga topshirildi, deb xabar berdi poytaxt hokimligi matbuot xizmati.

Bog‘ni obodonlashtirish ishlari 15-sentabrdan boshlangan. Yoritish tizimi va yo‘laklar, mini-hovuzlar qoplamasi, obodonlashtirish ishlari yangilandi, o‘rindiqlar, chiqindi qutilari o‘rnatildi. Tutash hududda bolalar maydonchasi va kichik mayoq paydo bo‘ldi.

Faollar demontaj paytida saqlab qolishga uringan yog‘ochdan yasalgan haykallarning bir qismi o‘z joyiga qaytarildi. Hokimlik “Gazeta.uz”ning so‘roviga javob berarkan, ularning bir nechtasi yo‘qolgani, biri chirish oqibatida yaroqsiz holda kelgani, qolgan uchtasi saqlanib qolgani va “keyinchalik chirishga yo‘l qo‘ymaslik uchun” beton supacha (postament)ga o‘rnatilganini ta’kidladi.

Shahar hokimligining tahririyatga ma’lum qilishicha, bajarilgan ishlar summasi 2,96 milliard so‘mni tashkil qilgan. Pudratchi sifatida turar joy bo‘lmagan binolarni qurish bilan shug‘ullanadigan MDF Farmation kompaniyasi ishtirok etgan.