Rossiya prezidenti Vladimir Putin yangi, beshinchi prezidentlik muddatiga o‘z nomzodini ko‘rsatishini aytdi. Bu haqda u 8-dekabr kuni Kremlda Rossiya Qahramonlarini taqdirlash marosimidan keyin aytdi.

Donetsk Xalq Respublikasi (DXR) parlamenti spikeri Artyom Joga Putinga tegishli so‘rov bilan murojaat qildi va Rossiya Federatsiyasi prezidenti bu taklifga rozi bo‘ldi.

“Katta rahmat, har xil vaqtlarda har xil fikrda bo‘lganimni yashirmayman. Ammo hozir, siz haqsiz, hozir qaror qabul qilish kerak bo‘lgan vaqt. Men Rossiya Federatsiyasi prezidenti lavozimiga nomzodimni qo‘yaman”, — dedi Rossiya rahbari.

Putinning davlat rahbari sifatidagi amaldagi vakolatlari 2024-yil 7-mayda tugaydi. Rossiya Federatsiyasi Markaziy saylov komissiyasi avvalroq 2024-yilda Rossiya prezidenti saylovini uch kun ichida — 15 dan 17-martgacha o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi.

Bu safar prezidentlikka ketma-ket ikki muddatdan ortiq saylanishni taqiqlovchi konstitutsiyaviy cheklov amal qilmaydi. 2020-yilda mamlakatning asosiy qonuniga o‘zgartirishlar kiritilgan. Shu sabab o‘sha paytda amalda bo‘lgan davlat rahbari avvalgi shartlarni hisobga olmagan holda ushbu lavozimga yana o‘z nomzodini qo‘yishi mumkin bo‘ladi.