Buyuk Britaniya hukumati “Rossiya harbiy texnikalari”ni yetkazib berish va moliyalashda gumon qilingan shaxslar va kompaniyalarga qarshi yangi sanksiyalar paketini e’lon qildi.

Sanksiya ro‘yxatiga Rossiya uchun qurol ishlab chiqarish yoki mudofaa mahsulotlarini import qilish bilan bog‘liq 46 nafar jismoniy va yuridik shaxs kiritilgan. Ular orasida xorijiy davlatlar, jumladan, O‘zbekistondan 30 ga yaqin korxona bor (ro‘yxat).

“Bugungi chora-tadbirlar [Rossiya prezidenti Vladimir] Putinni o‘z armiyasini Belarus, Xitoy, Serbiya, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari va O‘zbekistondagi uchinchi tomon ta’minot zanjirlari orqali jihozlash imkoniyatidan mahrum qiladi”, — deyiladi xabarda.

Xususan, “Rossiyaga ehtiyot qismlarni olib kirishda vositachi bo‘lgan” O‘zbekistonning Mvizion kompaniyasi cheklovlarga duchor bo‘lgan.

Bundan tashqari, London BAAdagi to‘rtta kema operatoriga nisbatan “shaffof bo‘lmagan korporativ tuzilmalar va Rossiya neftining to‘siqsiz savdosiga ko‘maklashishda bergan yordami” uchun sanksiya kiritdi. O‘tgan yilning dekabr oyidan boshlab Yevropa Ittifoqi va G7 mamlakatlari darajasida ushbu operatorlarga bir barrel uchun 60 dollarlik narx chegarasi joriy etilgan.

Noyabr oyida Mvizion AQSh sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgan edi. AQSh Savdo vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bu Rossiya qurolli kuchlari uchun dronlarni ishlab chiqarish bilan bog‘liq.

Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reestriga ko‘ra Mvizion 2022-yil 14-iyunda 1 million so‘m ustav kapitali bilan ro‘yxatga olingan. Asosiy faoliyat turi “elektron, telekommunikatsiya uskunalari va ularga ehtiyot qismlar ulgurji savdosi”.

Igor Nikolayevich Ievlev yagona asoschi va direktor sifatida ko‘rsatilgan.

Yevropa Ittifoqining sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili Devid O’Sallivan “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida O‘zbekiston Rossiya Federatsiyasiga sanksiya qo‘yilgan Yevropa tovarlarining reeksportiga qanday qarshilik ko‘rsatayotgani va nima uchun diversifikatsiya mamlakat iqtisodiyoti uchun muhimligi haqida gapirgandi. “Biz O‘zbekistonning an’anaviy savdo aloqalarini buzishga intilmaymiz”, — degandi u.