Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi YandexGo UB`ni bozorda ustun mavqega ega kompaniya sifatida tan oldi, deya xabar qildi qo‘mita matbuot xizmati.

Qo‘mita bozordagi raqobat muhitini o‘rganishni joriy yilning ikkinchi choragida taksi agregatorlari 2022-yil uchun hisobotlarni topshirgandan so‘ng boshladi. Bundan tashqari, o‘rganish davomiyligiga hududlarda ushbu sohani rivojlantirishning turli darajalari va o‘ziga xos jihatlari, shuningdek, kuchga kirgan “Raqobat to‘g‘risida”gi yangi qonun va raqobatchilarning ustun mavqeini aniqlash mezonlari o‘zgargani ta’sir ko‘rsatdi.

Tadqiqot nafaqat ilovalar yoki veb-saytlar orqali, balki telefon qo‘ng‘iroqlari orqali ham xizmat ko‘rsatadigan taksi xizmatlarini qamrab oldi. Xususan, O‘zbekistonda taksi faoliyati bo‘yicha jami 66 ta korxona faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ulardan 58 tasi taksi chaqirish dispetcherlik xizmatlarini ko‘rsatsa, qolgan 8 tasi mobil ilova orqali ishlovchi agregatorlar ekani ma’lum bo‘ldi.

Tahlil natijalariga ko‘ra, eng katta bozor ulushi, ya’ni 86,3 foizi Yandex Go platformasiga to‘g‘ri kelishi aniqlandi. Qo‘mita xizmat bozorida sanoqli ishtirokchilar jami xizmatning asosiy qismini ko‘rsatayotganini va bu bozordagi holat, jumladan, xizmat narxi va sifatiga bir tomonlama ta’sir ko‘rsatish xavfi mavjudligini ta’kidladi.

sentabr oyida O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi Niderlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan, Yandex Go xizmatini taqdim etuvchi Ridetech International kompaniyasidan O‘zbekiston soliq rezidenti bo‘lishini talab qilgandi. 1-dekabrdan Yandex Go xizmati O‘zbekistonda o‘z faoliyatini mahalliylashtirdi va Yandex Go UB orqali soliq rezidentiga aylandi.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasiga asosan, 4-dekabr kuni Raqobat qo‘mitasi YandexGo UB`ni taksi agregatorlari bozorida ustun mavqega ega bo‘lgan kompaniya sifatida tan oldi.

Ma’lumot uchun: ustun mavqe — tovar yoki moliya bozorida xo‘jalik yurituvchi subyektning yoxud shaxslar guruhining raqobatlashuvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlarga bog‘liq bo‘lmagan holda unga o‘z faoliyatini amalga oshirish va raqobatning holatiga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatish, tegishli bozorga boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning kirishini qiyinlashtirish yoxud ularning iqtisodiy faoliyat erkinligini boshqacha tarzda cheklash imkoniyatini beradigan holat. Agar kompaniya yoki shaxslar guruhining bozor ulushi 40% va undan yuqori bo‘lsa, shuningdek, boshqa holatlarda tovar yoki moliya bozorida ustun mavqe tan olinadi.

Ustun mavqega ega bo‘lgan kompaniya tovar yoki moliya bozorida ustun mavqega ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarning davlat reyestriga kiritilishi kerak.

Reyestrga kiritilgan kompaniyalar monopoliyaga qarshi organga monopol yuqori yoki monopol past narxlardan foydalanmaslik bo‘yicha ularning harakatlarini kuzatish uchun har chorakda reyestrga kiritilgan xizmat turi yuzasidan qo‘llaniladigan narxlar to‘g‘risidagi axborotni taqdim etib boradi.