Davlat soliq qo‘mitasi soliq bazasini kengaytirish hamda yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish maqsadida taksi va yo‘lovchi tashish bozorini tartibga solish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilayotgani haqida ma’lumot berdi.

Avval xabar qilinganidek, 2023-yilning 1-dekabridan boshlab Yandex Go xizmati O‘zbekistonda o‘z faoliyatini mahalliylashtirib, soliq rezidentiga aylangandi. Shu bilan birga, mazkur servis soliq axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishi natijasida har bir tashish xizmati uchun fiskal chek shakllantirish imkoniyati yaratildi.

1−6-dekabr kunlari davomida 13,5 mlrd so‘mlik 800 ming 483 ta chek shakllantirilgan.

Qo‘mita, shunga qaramay, mazkur sohada bir qator yechimini topishi lozim bo‘lgan masalalar saqlanib qolayotganini qayd etgan. Xususan, taksi xizmatlari (Yandex Go va boshqalar) uchun naqd pul orqali to‘lov qilinganda chek berilishi yo‘lga qo‘yilmagan. Qo‘mita bu borada amaliyotga tatbiq etish uchun bir nechta yechimlar ishlab chiqqan va bozor ishtirokchilariga taklif qilgan. Yaqin kunlarda naqd pul orqali to‘lov qilinganida ham chek berilishi ta’minlanishi ta’kidlangan.

Qolgan agregatorlarda, xususan — MyTaxi, Uklon va boshqalarda haligacha fiskal chek shakllantirilmayapti. Lekin bu agregatorlar bilan texnik integratsiyalash ishlari yakunlangan va yaqin kunlarda yo‘lovchilar ushbu xizmatlardan foydalanganda ham fiskal cheklarni olishni boshlashi kutilmoqda, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, faqat Toshkentda emas, respublikaning barcha hududlarida agregatorlar va taksi xizmatlarini fiskallashtirish rejalashtirilmoqda.

Bugungi kungacha shakllantirilgan 13,5 mlrd so‘mlik 800 ming 483 ta chekning 13,4 mlrd so‘mlik 791 ming 100 tasi 232 ta yuridik shaxs (Yandex Go hamkorlari va taksi kompaniyalari), 163,9 mln so‘mlik 9 ming 383 tasi esa 1 ming 821 nafar o‘zini o‘zi band qilgan shaxs hissasiga to‘g‘ri keladi.

Qo‘mita tashish xizmati o‘zini o‘zi band qilgan haydovchi tomonidan ko‘rsatilgan bo‘lsa ham, tashishning barcha summasi taksopark (hamkor) aylanmasida aks etish holatlarini kuzatishini qayd etgan. Mazkur yo‘nalishda agregatorlar bilan birgalikda taksoparklar va o‘zini o‘zi band qilgan haydovchilar o‘rtasida soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetida komissioner va komitentni to‘g‘ri belgilash bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilayotgani aytilgan.

Shuningdek, ushbu sohada o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida mazkur funksiyani Soliq mobil ilovasiga qo‘shish orqali soddalashtirish bo‘yicha ishlar olib borilayotgani ta’kidlangan.

Ma’lumot uchun, yuridik shaxslar o‘zlarining shaxsiy kabinetida fiskal cheklarni tahrirlash mexanizmidan foydalanishi mumkin. Shuningdek, Soliq kodeksining 369-moddasi 9-bandiga muvofiq, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar barcha turdagi soliqlardan ozod etilgan.

“Taksi faoliyatidan rasmiy daromad shakllantirish imkoniyatining paydo bo‘lgani o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun alohida bir qator afzalliklarni keltirib chiqaradi. Jumladan, daromad to‘g‘risidagi ma’lumotlar keyinchalik ularga boshqa iqtisodiy harakatlar bo‘yicha (ipoteka, iste’mol kreditlari, tovarlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash va hokazo) imkoniyatlarini kengaytiradi. Bu o‘z navbatida aholining iqtisodiy faolligi oshishiga xizmat qiladi”, — deya qayd etgan qo‘mita.

Davlat soliq qo‘mitasi taksi xizmatini ko‘rsatishda agregatorlar va ularning hamkorlarining biznes jarayonlarini monitoring qilib borayotgani va aniq yechimlarni taklif etishini qo‘shimcha qilgan. Shu bilan birga, qo‘mita yo‘lovchi tashish bozorida, turli baholashlarga asosan 500 mingdan 1 mln nafargacha fuqaro to‘liq yoki qisman bandligini, shuningdek, taksilarning kundalik logistika va harakatlanishdagi ahamiyati katta ekanini hisobga olib, mazkur sohadagi munosabatlarni avtomatlashtirish va fiskallashtirish jarayonini bosqichma-bosqich va ehtiyotkorlik bilan amalga oshirish zarur, deb hisoblashini qayd etgan.

“Bunda soliq qonunchiligiga rioya etilishi, soliqlarning to‘g‘ri hisoblanishi va o‘z vaqtida to‘lanishi ustidan nazorat hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga soliqlarning to‘liq tushishini ta’minlash soliq organlarining asosiy vazifalari bo‘lib qoladi”, — deyilgan xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yandex Go xizmati O‘zbekistonga to‘laydigan QQS sabab taksoparklar uchun komissiya miqdorini oshirganini tasdiqlagandi. Shu bilan birga, xizmat vakillari taksoparklar o‘z komissiyasini kamaytirishi mumkinligini ta’kidlagandi. Ayrim taksoparklar buni tasdiqlagan.