Amerikalik 34 yoshli qo‘shiqchi Teylor Svift Time jurnali tomonidan 2023-yil uchun “Yil odami” deb topildi.

Time jurnali nomzodlari orasida Teylor Sviftdan tashqari Gollivud ssenariynavislari va aktyorlarining ish tashlashi ishtirokchilari, Xitoy raisi Si Szinpin, OpenAI bosh direktori Sem Altman, Barbi qo‘g‘irchog‘i, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Buyuk Britaniya qiroli Karl Uchinchi, AQSh Federal zaxira tizimi rahbari Jerom Pauell, shuningdek, AQShning sobiq prezidenti Donald Trampga qarshi sud jarayonlarida nutq so‘zlagan prokurorlar bor edi.

Nega Teylor Svift?

“Har yil yorug‘lik va zulmatdan iborat; 2023-yil sezilarli darajada zulmatli yil bo‘ldi. Juda ko‘p institutlar muvaffaqiyatsizlikka uchragan ushbu dunyoda Teylor Svift chegaralarni oshib o‘tib, yorug‘lik manbai bo‘lish yo‘lini topa oldi. Bugungi kunda sayyoramizda hech kim buncha ko‘p odamning hissiyotini uyg‘ota olmaydi”, — deyiladi nashr bayonotida.

Gap shundaki, Teylor Svift pandemiyadan so‘ng besh qit’ada 151 ta shoudan iborat bo‘lgan Eras Tour nomli yirik gastrolini olib bormoqda. Bu ayollar tomonidan taqdim etilgan eng yuqori daromad keltiruvchi gastrollardan biriga aylandi.

Bloomberg Economics tahlillariga ko‘ra, xonandaning Eras Tour doirasida taqdim etgan 53 ta konsertidan topilgan pul ayrim mamlakatlar iqtisodidan oshib ketdi va AQSh yalpi ichki mahsulotiga 4,3 milliard dollar qo‘shdi.

Uning umumiy boyligi 1,1 milliard dollarni tashkil qilmoqda.

Xonanda Spotify`da 2023-yil davomida qo‘shiqlari eng ko‘p tinglangan (dunyo bo‘ylab 26,1 mlrd marta) qo‘shiqchi bo‘ldi.

time  jurnali, yil odami, тейлор свифт

Teylor Svift 2017-yilda jinsiy zo‘ravonlikka qarshi chiqqan Silence Breakers guruhi bilan “Yil odami” nomiga loyiq ko‘rilgandi. U jurnal tomonidan bir necha marta e’tirof etilgan va “Yil odami” muqovasida ikki marta chiqqan birinchi ayol sifatida tarixga kirdi.

Ma’lumot uchun, jurnal 2022-yilda “Yil odami” sifatida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy, shuningdek, Rossiya agressiyasiga qarshilik ko‘rsatishning “ukraincha ruhi” ramziga aylangan odamlarni tanlagandi.