Andijon, Buxoro va Toshkent viloyatlarida “Dolzarb 40 kunlik” maxsus profilaktik tadbirlari doirasida bir qator jinoyat olami vakillari va “ijtimoiy muhitga salbiy ta’sirini o‘tkazishga uringan” shaxslar ushlandi.

Xususan, Andijonda 5-dekabr kuni o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlar davomida quyidagilarga ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanildi:

  • Andijon shahrida yashovchi, muqaddam Jinoyat kodeksining 104, 277-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgani uchun sudlangan, 1988-yilda tug‘ilgan Kiselov Andrey Xodjamqulovich;
  • Andijon shahrida yashovchi, 1989-yilda tug‘ilgan fuqaro Shodiboyev Farrux Patidin o‘g‘li;
  • Xo‘jaobod tumanida yashovchi 1973-yilda tug‘ilgan Ergashev Baxtiyor To‘xtasinovich;
  • Xo‘jaobod tumanida yashovchi 1985-yilda tug‘ilgan Parpiyev Alisher Adxamovich.

андижон, jinoiy guruhларга qarshi reydлар, кўча тўдалари, тошкент viloyati
Foto: Andjion viloyati IIB.

Boshqarma xabariga ko‘ra, ular o‘zidan “yetakchi” yasab olgan hamda viloyat hududida oilaviy zo‘ravonlik, mayda bezorilik, valyuta boyliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni sodir etganliklari aniqlangan.

Hozirda ularning sodir etilgan og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarga aloqadorliklari o‘rganilmoqda.

Fuqarolardan ushbu shaxslardan jabr ko‘rganlar bo‘lsa yoki ularning jinoiy xatti-harakatlari to‘g‘risida ma’lumotlarga egalar bo‘lsa, viloyat IIBning 102 raqami yoki 97−432−10−20 telefon raqamiga murojaat qilishlari so‘raldi. Murojaat qilgan fuqaro shaxsining sir saqlanishi kafolatlanadi, deyiladi xabarda.

Toshkent viloyati IIBB xabariga ko‘ra, reyd tadbirlari davomida 34 nafar jinoiy guruh a’zolari qo‘lga olinib, ularning 11 nafariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, 23 nafari ma’muriy tartibda qamoqqa olindi. Giyohvandlikka qarshi kurash yo‘nalishida, 50 dan ortiq holatlar fosh etildi.

Tadbir davomida, ular va boshqa shaxslardan noqonuniy ravishda saqlab kelingan quyidagilar olindi:

  • 13 dona pnevmatik va ov qurollari, o‘q-dori va elektroshoker;
  • turli hajm va ko‘rinishdagi pichoq, kastet va bitalar;
  • 11 kg giyohvandlik moddalari va 8 ming 703 dona psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari.

Ta’kidlanishicha, tezkor qidiruv tadbirlarida jinoyat sodir etib, sud va tergov organlaridan yashiringan 64 nafar qidiruvdagi shaxslar ushlandi, 2 nafar bedarak yo‘qolgan fuqaro topilib oilasiga qaytarildi.

Buxoro viloyati IIB matbuot xizmatining xabar qilishicha, tezkor tadbirlarda aniqlanmasdan qolgan 22 ta jinoyat issiq izidan fosh etildi hamda qidiruvda bo‘lgan 31 nafar shaxslar ushlandi.

Bundan tashqari, 1 ta odam o‘g‘irlash va bosqinchilik, 8 ta giyohvandlik hamda kuchli ta’sir qiluvchi psixotrop dori vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish, 2 ta noqonuniy ov quroli saqlash hamda 9 ta boshqa turdagi jinoyatlar aniqlandi. Mazkur jinoyatlarda gumon qilinuvchi shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining qator moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 5 nafariga qamoqqa olish hamda 15 tasiga boshqa turdagi ehtiyot choralari qo‘llanildi.

андижон, jinoiy guruhларга qarshi reydлар, кўча тўдалари, тошкент viloyati
Foto: Buxoro viloyati IIB.

Shuningdek, reyd tadbirlari davomida 98 nafar shaxslar bilan manzilli profilaktik ishlar olib borilib, kriminogen vaziyatga ta’sir qiluvchi 38 nafar shaxslar ma’muriy qamoqqa olindi.

Eslatib o‘tamiz, bunday tadbirlar boshqa hududlarda ham o‘tkazilmoqda. Xususan, Toshkent shahri va Xorazm viloyatida giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlar va bezorilikda gumonlanib 19 nafar shaxs qo‘lga olingan. Farg‘ona viloyatida ham jinoiy guruhga a’zo sifatida ko‘rilayotgan 22 kishi qo‘lga olingan. Ular orasida MMA jangchisi ham bor.