Samarqand viloyatida “Dolzarb 40 kunlik” maxsus profilaktik tadbirlari doirasida 47 kishi jinoiy guruhga a’zolikda gumonlanib qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar bermoqda.

Reyd tadbirlari maxsus xizmat va huquq-tartibot idoralar tomonidan o‘tkazilmoqda. Ushlangan 47 kishining 6 nafariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, 25 nafari ma’muriy tartibda qamoqqa olindi.

Reyd tadbirlari davomida ushbu shaxslardan giyohvandlik va psixotrop vositalar, sovuq qurollar (kastet, bita) protsessual tartibda rasmiylashtirilib olindi deyiladi xabarda.

Bunday tadbirlar boshqa hududlarda ham o‘tkazilmoqda. Xususan, Toshkent shahri va Xorazm viloyatida giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlar va bezorilikda gumonlanib 19 nafar shaxs qo‘lga olingan. Andijonda esa uch nafar shaxs jinoyat olami vakili sifatida ushlangan.

Farg‘ona viloyatida ham jinoiy guruhga a’zo sifatida ko‘rilayotgan 22 kishi qo‘lga olingan. Ular orasida MMA jangchisi ham bor.