Toshkentda qulagan to‘sinlar haqida reportaj tayyorlamoqchi bo‘lganida kaltaklangan Zo‘r TV jurnalistlari ishi bo‘yicha sud hukmi o‘qildi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”ga Oliy sud matbuot xizmati.

Avgust oyida Zo‘r TV muxbiri Nurzodbek Vohidov va operator Sardorbek Yo‘ldoshev Toshkent aeroporti yaqinida qurilayotgan yo‘l o‘tkazgichning beshta to‘sini qulagani haqidagi reportajni tasvirga olmoqchi bo‘lganida kaltaklangan.

Tarmoqlarda tarqalgan videoda 67-ko‘prik qurilish otryadi ish boshqaruvchisi Nodir Eshniyozov jurnalistlarga nisbatan odobsiz so‘zlar ishlatib, ularni hududdan chiqarib yuborishni buyurgani, so‘ngra kamera ko‘targan operatorga tashlanganini ko‘rish mumkin.

Jurnalist qimmatbaho asbob-uskunalarga zarar yetkazishi mumkinligidan ogohlantirgan, lekin ishchi tasvirga olish uchun ruxsat olib kelishni talab qilgan va so‘ngra operatorga yana hujum qilgan.

6-dekabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi Nodir Eshniyozov Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) 3-qismi “a” va “g” bandlarida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga dastlab 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Sudlanuvchiga Jinoyat kodeksining 72-moddasi (Shartli hukm qilish) qo‘llanilib, hukmning shartliligi e’lon qilindi va aybdorga 2 yillik sinov muddati belgilandi. Shuningdek, sudlanuvchidan yetkazilgan zarar uchun teleradiokompaniya hisobiga 23 755 641 so‘m mablag‘ undirildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi (loyihaning bosh pudratchisi hisoblangan “Ko‘prikqurilish” trestiga unga tegishli) ish boshqaruvchisi N.Eshniyozovning qilmishini keskin qoralab, uni ishdan bo‘shatganini ma’lum qilgandi.