30-noyabrdan “Xorazm trolleybus boshqarmasi” korxonasi Urganch-Xiva-Urganch yo‘nalishida trolleybuslar harakatini tikladi, deb xabar qildi Transport vazirligi matbuot xizmati.

Harakat yuqori kuchlanishli elektr simlari va transformatorlarida ta’mirlash ishlari olib borilgani hamda elektr energiyasi bo‘yicha yuzaga kelgan muammolar sababli 20-noyabrda to‘xtatilgandi.

Hozirda yo‘nalish bo‘ylab 8 ta trolleybus soat 6:45 dan 18:45 gacha harakatlanmoqda.

Urganch va Xiva o‘rtasidagi trolleybus liniyasi mamlakatda inqirozni boshdan kechirayotgan trolleybus tizimining yagona liniyasi hisoblanadi. 1999-yilda Samarqand, Namangan, Andijon, Buxoro, Farg‘ona, Nukus, Marg‘ilon, Termiz va boshqa shaharlarda trolleybus tarmog‘ining umumiy uzunligi 767,5 km ni tashkil etgan. O‘sha yili respublika bo‘yicha 533 ta trolleybus bo‘lgan bo‘lsa, 2005-yilga kelib yana 660 ta trolleybus sotib olish rejalashtirilgandi.