Yakka tartibdagi tadbirkorlardan noto‘g‘ri yig‘ib olingan ijtimoiy soliq summalari ularning hisobvaraqlariga qaytarilmoqda. Bu haqda Soliq qo‘mitasi ortiqcha yechib olingan soliq summasi bilan bog‘liq vaziyatni izohlar ekan, shunday deya ma’lum qildi.

1-dekabr kuni Soliq qo‘mitasi ma’lumotlar bazasida yakka tartibdagi tadbirkorlar foydalanadigan soliq imtiyozlari tashqi manba ma’lumotlari asosida yangilangan.

Avtomatlashtirish jarayonida texnik xatolik yuzaga kelib, oilaviy xususiy bog‘cha faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarga berilgan ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyoz (oyiga 330 ming so‘m) qo‘llanmasdan qolgan.

Ayni paytda mazkur texnik xatolik bartaraf etilgan, deya ta’kidladi Soliq qo‘mitasi.

Holat yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlanib, aybdorlarga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi, deya ishontirmoqda qo‘mita.

Joriy yilning mart oyida tadbirkorlarning soliq idoralari o‘z hisobvaraqlaridan foyda solig‘ini noqonuniniy ravishda ushlab qolayotgani haqidagi shikoyatlaridan so‘ng Soliq qo‘mitasi bu uchun mas’ul rahbarlarni ishdan bo‘shatib, korxonaga ortiqcha undirilgan avans to‘lovlarini tadbirkorlik subyektlariga qaytarish bo‘yicha ko‘rsatma bergandi. O‘shanda 367 ta korxonaga 27,1 mlrd so‘m qaytarilgan.

May oyida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda Jinoyat kodeksiga qo‘shimcha kiritilgan. Unda tadbirkorlarning bank hisobvaraqlaridan roziliksiz pul o‘tkazgan yoki olib qo‘ygan yoxud ularni o‘z vaqtida qaytarmagan shaxslar 13,2 mln so‘mgacha jarimaga tortilishi qayd etilgan.