2023-yil kuzi O‘zbekistonda meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun eng issiq bo‘ldi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet xizmati agentligi matbuot xizmati.

Sinoptiklarning ta’kidlashicha, nobyar O‘zbekistonda meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun eng issiq noyabr oyi reytingida birinchi o‘rinni egalladi. Havoning o‘rtacha statistik harorati keskin o‘zgarib turishi noyabr oyi uchun xosdir. Bunday o‘zgarib turishlar ushbu yilda ham kuzatildi.

“Ammo boshqa yillardan farqi — bu o‘zgarib turishlar yuqori harorat fonida sodir bo‘ldi. Oyning katta qismida havo harorati o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlarga nisbatan yuqori bo‘ldi va faqat sovuq davrda iqlimiy me’yorgacha pasaydi. Barcha hududlarda harorat o‘rtacha iqlimiy me’yordan 3−6 darajaga ko‘p bo‘ldi”, — deyiladi agentlik hisobotida.

kuz, noyabr, ўзгидромет
Infografika: O‘zgidromet.

Eng issiq kunlarda maksimal havo harorati +23…+28 darajaga yetdi. Minimal harorat faqat respublikaning shimolida salbiy qiymatlargacha pasaydi.

“Noyabr oyining o‘ziga xos iqlimiy xususiyati — bu oyning boshidan uning oxirigacha haroratning tez pasayishi, chunki noyabr oyining oxiri qish mavsumiga o‘tishdir. Respublika hududining katta qismida oyning birinchi yarmida kunduzgi harorat odatda +15…+20 daraja, ikkinchi yarmida esa +10…+15 daraja atrofida bo‘ldi”, — deyiladi xabarda.

2023-yilning noyabrida bunday tendensiyalar kuzatilmadi, oyning boshida ham, oxirida ham haroratning yuqori qiymatlari kuzatildi. Respublika bo‘yicha nisbatan quruq havo bo‘ldi, yog‘ingarchilik kam va me’yor atrofida bo‘ldi.

kuz, noyabr, ўзгидромет
Infografika: O‘zgidromet.

Ta’kidlanishicha, me’yorga nisbatan noyabr oyi 2023-yilning kuz mavsumidagi eng issiq oy (me’yordan 3−6 daraja iliq) bo‘ldi. oktabr oyida oyning o‘rtacha harorati me’yordan 1,5−2,5 darajaga yuqori, sentabr esa o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlarga yaqin bo‘ldi.

Ob-havo sharoitiga ko‘ra, bu yilgi kuz haqiqatan ham baxmal (barxat) mavsumi bo‘ldi.

Avvalroq o‘tgan oktabr oyi ham rekord darajadagi eng issiq oy bo‘lgandi. Olimlarning ta’kidlashicha, 2023-yilning o‘zi tarixdagi eng issiq yil bo‘lishi kutilmoqda.