O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari “Salimboy” va “Salimboyvachcha” laqablari bilan tanilgan 73 yoshli tadbirkor Salim Abduvaliyevga nisbatan tergovga qadar tekshiruv harakatlarini o‘tkazmoqda. Bu haqda o‘z manbasiga tayanib, Kun.uz xabar bermoqda.

U 2017-yil yanvar oyidan buyon O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari va mamlakat sport kurashlari assotsiatsiyasi raisi lavozimlarida ishlab kelayotgandi.

G‘ofur Rahimov. Foto: insidethegames.biz.G‘ofur Rahimov. Foto: insidethegames.biz.

Kun.uz manbasi, shuningdek, O‘zbekiston professional boks federatsiyasi birinchi vitse-prezidenti G‘ofur Rahimov qidiruvda ekanini tasdiqlamadi.

Avval xabar qilinganidek, Toshkent shahrida huquq-tartibot idoralari tomonidan “ko‘cha guruhlari” va jinoiy guruhlarni aniqlash va qo‘lga olish bo‘yicha keng ko‘lamli reydlar o‘tkazilmoqda. Tezkor chora-tadbirlar poytaxtda jinoyatchilik bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilashga qaratilgan, deya xabar beradi poytaxt ichki ishlar boshqarmasi.

Bir necha kun oldin Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan “Saidaziz medgorodok” laqabi bilan mashhur Saidaziz Saydaliyev qo‘lga olingandi. Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, u va yana bir necha kishi tovlamachilik ishi bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida hibsga olingan. Ma’lum qilinishicha, ular pul evaziga odamlar qarzini undirib bergan.

Huquq-tartibot idoralari xodimlari, shuningdek, “Baxti Tashkentskiy” laqabi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayevni poytaxtda qo‘lga olgan. Bundan tashqari, o‘ta yirik miqdordagi tovlamachilikda gumon qilingan yana ikki shaxs qo‘lga olindi. Ularning barchasi 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.