O‘zbekistonga 9-dekabrdan Ural va G‘arbiy Qozog‘iston orqali Rossiyaning Shimoliy Yevropa hududlaridan juda sovuq havo massasi kirib kelishi kutilmoqda.

O‘zgidromet agentligining Jahon prognoz markazlarining dastlabki hisob-kitoblariga tayanib xabar berishicha, sovuq havo massasi 9−10-dekabr kunlari shimoliy hududlarga, 11−12-dekabrda esa butun respublika hududiga tarqaladi.

10−11-dekabr kunlari respublika bo‘ylab yog‘ingarchilik bo‘ladi (yomg‘ir qorga aylanishi mumkin).

Havo harorati asta-sekin pasayadi va 11−12-dekabrda kechasi −7…−10 darajagacha, kunduzi 0…-3 darajagacha pasayadi. Shimolda kechasi −12…−17 daraja, kunduzi −5…−10 daraja sovuq bo‘lishi kutilmoqda.

Toshkent shahrida 10−11-dekabrda vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik bo‘ladi (yomg‘ir qorga aylanishi mumkin). 11−12-dekabrda havo harorati kechasi −7…−10 daraja, kunduzi 0…-3 darajagacha pasayadi.

“9−12-dekabr kunlari uchun ob-havo ma’lumoti maslahatomuz hisoblanadi. Agar keskin sovuq yangi ma’lumotlar bilan tasdiqlansa, O‘zgidromet maxsus xabari bilan e’lon qiladi”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq agentlik O‘zbekistonda dekabr oyi qish uchun xos bo‘lmagan iliq ob-havo bilan boshlanishi haqida xabar bergandi. Oy oxirigacha harorat kechasi −6…+8 daraja, kunduzi +2…+18 daraja atrofida bo‘lishi aytilgandi.