Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) elektron tijorat bozori hamda lotereyalar va bukmekerlik faoliyatini tashkil etish sohasida regulyatorga aylanadi. Bu prezidentning 30-noyabrdagi qarorida ko‘zda tutilgan.

ILMAga elektron tijoratni tartibga solish va rivojlantirish (hozirda bu bilan Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi shug‘ullanadi) hamda lotereyalar va bukmekerlik faoliyatini tashkil etishni tartibga solish (Iqtisodiyot va moliya vazirligi) sohasidagi vazifalar, funksiyalar va vakolatlar o‘tkaziladi.

Agentlik barcha onlayn savdo platformalarining sotuvchilar va xaridorlarning mulkiy manfaatlarini kafolatlash bo‘yicha metodologiyasini o‘rganadi va tahlil qiladi.

Bundan tashqari, ILMA raqamli bozorlar faoliyatini litsenziyalash tartib-qoidalarini belgilaydi, so‘ngra banklarning EPOS terminallari orqali noqonuniy faoliyatni amalga oshirilgan taqdirda, “ularning faoliyatini cheklashgacha bo‘lgan ta’sirchan choralar ko‘rish” bo‘yicha topshiriq beradi.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda belgilangan talablarga rioya qilmasdan elektron tijoratni tashkil etgan shaxslarni jazolashning yagona mexanizmini tasdiqlash ko‘zda tutilgan. Soliq organlari, vazirlik va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh ijtimoiy tarmoqlar va onlayn platformalarda bunday faktlarni aniqlaydi.

Aholi o‘rtasida ijtimoiy tarmoqlardagi noqonuniy savdo platformalaridan foydalanishda sotuvchi va xaridorlarning mulkiy huquqlari kafolatlanmagani yuzasidan tushuntirish ishlari olib boriladi.

ILMA, shuningdek, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarda noqonuniy ishtirok etish va kapital operatsiyalarini amalga oshirish imkoniyatini beruvchi saytlarni O‘zbekiston qonunchiligida tarqatilishi taqiqlangan ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan resurslar reyestriga kiritish to‘g‘risida so‘rov yuborishi mumkin.

Bundan tashqari, agar tranzaksiya kodi ma’lumotlari yoki boshqa identifikatorlar kapital operatsiyalari amalga oshirilayotgani, tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar (onlayn kazino va lotereyalar) tashkil qilish va o‘tkazish bilan bog‘liqlikni ko‘rsatayotgan bo‘lsa, banklar O‘zbekistondan tashqaridagi qabul qiluvchilarga pul o‘tkazishni taqiqlaydi.

Avval xabar berganimizdek, o‘g‘rilik va firibgarlikning oldini olish maqsadida Markaziy bank shubhali operatsiyalar sodir bo‘lgan taqdirda bank kartalari va hisob raqamlarini bloklashni talab qilish huquqini oldi. Banklar va to‘lov tashkilotlari antifrod tizimlarini joriy qilishni va yirik p2p o‘tkazmalarini nazorat qilishni boshlaydi.

Banklar va to‘lov tizimlarining mobil ilovalaridagi xavfsizlik darajasini oshirish uchun yangi ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchining mablag‘larini o‘tkazish imkoniyatini 1 soatgacha cheklash rejalashtirilmoqda. Foydalanuvchilarga uning profiliga kirilganlik haqida SMS xabarnoma yuboriladi.