Shavkat Mirziyoyev Dubay shahriga tashrifning ishbilarmonlik tadbirlari doirasida 2-dekabr kuni Birlashgan Arab Amirliklari investitsiya vaziri, ADQ xoldingi bosh ijrochi direktori Muhammad Hasan al-Suvaydiy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Uchrashuvda TAQA kompaniyasi rahbari Jasim Husayn Tabet va Masdar kompaniyasi rahbari Muhammad Jamil al-Ramahiy ham qatnashdi. Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikdagi qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va ilgari surish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tashrif doirasida energetika yo‘nalishda Masdar kompaniyasi bilan Strategik sheriklik to‘g‘risida bitim imzolandi.

Uchrashuv yakunida davlat rahbari Masdar bosh ijrochi direktori Muhammad Jamil al-Ramahiyga ko‘p qirrali O‘zbekiston-BAA munosabatlari rivojiga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun O‘zbekiston Respublikasining yuksak davlat mukofoti — “Do‘stlik” ordenini topshirdi.

Eslatib o‘tamiz, Masdar 2023-yilda O‘zbekistonda uchta fotoelektr stansiyasini — Jizzax viloyatida 220 MVt quvvatga ega Nur Jizzakh, Samarqand viloyatida 220 MVt quvvatga ega Nur Samarkand va Surxondaryo viloyatida 457 MVt quvvatga ega Nur Sherabad fotoelektr stansiyalarini qurishni boshladi. Buning uchun 400 million dollarga yaqin kreditlar jalb etildi.