Prezident Shavkat Mirziyoyevning 30-noyabrdagi qarori bilan banklar, to‘lov tashkilotlari va tizimlarida antifrod (firibgarlikka qarshi kurashish) tizimini joriy etish chora-tadbirlarini belgilandi.

Hujjatdagi “yo‘l xaritasi”ga ko‘ra, 2024−2025-yillarda to‘lov tizimi operatorlarida tranzaksion antifrod tizimi hamda banklar va to‘lov tashkilotlari session antifrod tizimlaridan foydalanish uchun Markaziy bankda markazlashgan antifrod tizim joriy etiladi.

Bundan tashqari, Markaziy bankda zamonaviy biometrik identifikatsiya tizimini qo‘llagan holda mijozlarni identifikatsiya qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, SIM-karta, mobil qurilma IMEI-kodi, internet tarmog‘i (rouming) orqali ma’lumotlarni identifikatsiya qilish tizimini banklar, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlarida joriy etish rejalashtirilmoqda.

Banklar va to‘lov tizimlarining mobil ilovalaridagi xavfsizlik darajasini oshirish uchun yangi ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchining mablag‘larini o‘tkazish imkoniyatini 1 soatgacha cheklash rejalashtirilgan. Asosiy foydalanuvchiga uning profiliga kirilganlik haqida darhol SMS-xabar yuborish va mobil qurilmalar xususida IMEI, IMSI, DeviceID va boshqa qo‘shimcha ma’lumotlarni yig‘ish belgilanmoqda.

“Yo‘l xaritasi” foydalanuvchilarning SMS-xabarlar orqali olinadigan bir martalik (one time password) parollarini himoya qilish mexanizmini joriy etish, shuningdek, bank kartalaridan mablag‘larni o‘g‘irlash holatlari haqida kelib tushayotgan murojaatlar bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni (bloklash va boshqalar) ko‘rish bartaraf taklif etilgan.

Bundan tashqari, bank karta ma’lumotlari internet tarmog‘ida tarqalishi bo‘yicha xabardor qilish va monitoring qilish maqsadida zamonaviy dasturiy vositalarni joriy etish rejalashtirilgan.

Avvalroq Markaziy bank o‘g‘irlik va firibgarlikning oldini olish uchun shubhali operatsiyalar vaqtida bank kartalari va hisobvaraqlarni bloklash to‘g‘risida majburiy ko‘rsatma berishi mumkin bo‘lishi haqida xabar berilgandi. Banklar va to‘lov tashkilotlari firibgarlikka qarshi tizimlarni joriy etadi va yirik o‘tkazmalarni nazorat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, 11-noyabrda ayrim O‘zbekiston fuqarolarining bank kartalaridan katta miqdorda pul yechib olingan. Noma’lum shaxslar SMS-kodlar himoyasini chetlab o‘tgan. MB va Humo banklardan biriga xakerlar tomonidan buzib kirilganini rad etgan. Universalbank kuzatuv kengashi rahbari Anvar Irchayev 7 kishi kartalaridagi pul o‘g‘irlangani bo‘yicha ariza bilan murojaat qilganini ta’kidlagan.