30-noyabr, payshanba kuni Xitoyning Zhang Tong kompaniyasida ishlab chiqarilgan 20 ta avtobus Buxoroga keltirildi, deb xabar qildi shahar hokimligi matbuot xizmati.

Ushbu avtobuslarni shahar jamoat transporti tarmog‘i uchun xarid qilish uchun 1,3 million dollar miqdorida kredit ajratildi. Ularning har biri 30 o‘ringa mo‘ljallangan.

“Avtobus saloni to‘liq kuzatuv kameralari bilan ta’minlangan. Eng asosiysi, avtobus salonida yil davomida sifatli xizmat ko‘rsatish uchun isitish va sovitish tizimlari ham mavjud. Bundan tashqari, imkoniyati cheklangan fuqarolarning chiqib tushishi uchun zarur sharoitlar, oynalarining quyosh nuridan asrovchi plyonkalar bilan jihozlangan, Shuningdek, avtobus ichidagi yo‘lovchilarni sonini aniqlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan”, — deyiladi hokimlik xabarida.

Yangi avtobuslar 5-dekabrdan Buxoro ko‘chalarida harakatlanishni boshlaydi.

Shahar hokimligining ta’kidlashicha, 2024-yil iyuliga qadar viloyatga yana 80 ta shunday avtobus yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.