30-noyabr kuni tongda Qozog‘istonning Olmaota shahridagi xostelda yong‘in sodir bo‘lib, 13 kishi halok bo‘ldi, deb xabar bermoqda Tengrinews.kz.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, hodisa oqibatida ikki nafar o‘zbekistonlik — 2000-yilda tug‘ilgan yigitlar halok bo‘lgan. Hozirda mamlakatning Olmaotadagi bosh konsulligi shahar hokimligi va tegishli idoralari bilan hamkorlikda ish olib bormoqda. TIV halok bo‘lganlarning yaqinlariga ularning jasadlarini vatanga yetkazishda har tomonlama yordam berishini ma’lum qildi.

Taxminlarga ko‘ra, xostelda 72 kishi bo‘lgan, ulardan 59 nafari o‘zini evakuatsiya qilish ulgurgan.

“Yong‘inni o‘chirish va qidiruv ishlari davomida 13 nafar jasad topilgan, ularning shaxsi aniqlanmoqda. Taxminlarga ko‘ra, ular is gazidan zaharlanish oqibatida vafot etgan”, — deyiladi xabarda.

Olmaota shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi bino 1,5 oy oldin xostelga aylantirilganini ma’lum qildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in yerto‘la koridoridan kelib chiqqan.

Olmaota hokimi Erbolat Dosayev Zakon.kz nashriga xostel yerto‘lasini qayta jihozlash, mehmonlarni joylashtirish taqiqlanganini, u yerda oshxona va hokazolar bo‘lishi kerakligini aytdi.