O‘zbekiston Bosh prokuraturasi “Antistrumin” preparatini qabul qilganidan keyin bolalar ommaviy zaharlanishi holati bo‘yicha uch nafar shifokor ayol qo‘lga olinganiga munosabat bildirdi.

Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy markazi direktorining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari — bosh shifokori, Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh endokrinologi, bosh mutaxassisi Feruza Haydarova va ushbu markaz laboratoriya mudiri, katta ilmiy xodim xodim, Sog‘liqni saqlash vazirligi Bolalar bosh endokrinologi, bosh mutaxassisi Nasiba Alimova 7-noyabr kuni Yashnobod tuman sudi qarori bilan hibsga olinib, tergov izolyatoriga joylashtirilgan.

16-noyabr kuni esa Sog‘liqni saqlash vazirligi Dori vositalari, tibbiy buyumlar va jihozlar muomalasini tartibga solish va muruvvat yordamini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan Hilola G‘aniyeva qamoqqa olingan.

Bosh prokuratura “Antistrumin” preparati bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha jinoyat-protsessual qonunchiligi asosida dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgani haqida xabar berdi.

“Hozirgi kunda mazkur jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari yakuniga yetmagan bo‘lsa-da, jinoyat ishi doirasida 3 nafar ayol qamoqqa olingani haqidagi ma’lumotlar har xil talqin qilingan holda ommaviy axborot vositalarida tarqatib kelinmoqda. Ushbu ma’lumotlar tergovning obyektiv va xolisona olib borilishiga xalaqit qilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, Jinoyat-protsessual kodeksi talablaridan kelib chiqib, tergov harakatlari olib borilayotgan vaqtda shaxsga doir ma’lumotlarni tarqatish va tergovga aralashish qonun bilan taqiqlanadi.

“Hurmatli ommaviy axborot vositalari vakillari va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, tergov tugaguniga qadar ijtimoiy tarmoqlarda ushbu jinoyat ishiga oid ma’lumotlarni tarqatmaslikka chaqiramiz”, — deyiladi Bosh prokuratura xabarida.

Eslatib o‘tamiz, holat yuzasidan O‘zbekiston vrachlar assotsiatsiyasi Shavkat Mirziyoyevga xat yo‘llab, qamoqqa olinganlarga nisbatan yengilroq ehtiyot chorasi tanlangan holda tergov harakatlari olib borilishini so‘ragan.