Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Daryo.uz`ga bergan O‘zbekiston yonida gazi ko‘p Turkmaniston bor bo‘la turib, uzoqroq bo‘lgan Rossiyadan ham gaz import qilayotganiga izoh berdi.

Vazir buning xarajatlari va siyosiy oqibatlari to‘g‘risidagi savolga quyidagicha javob berdi:

“Buni siyosiy omillarga bog‘lash noto‘g‘ri deb o‘ylayman, chunki bu tijoriy munosabatlar. Bu — bozor. Bozorda talab bor. Bir narsani bilish kerakki, biz Turkmanistondan ham gaz import qilyapmiz, o‘tgan yili ham, bu yili ham. Biz bu yo‘nalishda turkman hamkorlarimiz bilan ham juda yaxshi ishlaymiz. Biz ulardan nafaqat tabiiy gaz, balki, elektrenergiya ham import qilamiz. Masalan qishda ular bizga katta miqdorda elektr energiya yetkazib beradi. Ularning elektr energiyasini Qirg‘izistonga tranzit qilamiz. Ya’ni Turkmaniston bilan hamkorligimiz juda yaxshi o‘rnatilgan”.

Jo‘rabek Mirzamahmudovning ta’kidlashicha, Rossiyadan ham gaz import qilinayotganiga ichki iste’molning keskin oshishi sabab bo‘lgan.

“Rossiyadan ham [gaz] import qilishimizning sababi esa, bu — qo‘shimcha [gaz]. Ya’ni ehtiyoj oshib boryapti. [Gaz] qazib chiqarish kamayib ketdi deb bugun ham ba’zi tahlilchilar aytishdi. Pasaymadi, balki, biz pasaygan darajani ushlab qolib, uni ko‘paytirdik. Buni albatta, yil yakuni bo‘yicha hisobotlarini beramiz. Lekin shu bilan birgalikda, ichki iste’molimizning keskin oshishi natijasida bizda tabiiy gaz uchun qo‘shimcha zarurat bo‘ldi, shuning uchun Turkmanistondan ham olyapmiz hamda Rossiyadan ham olyapmiz”, — deya ta’kidladi Energetika vaziri.

Eslatib o‘tamiz, iyun oyida Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida Rossiya gazini O‘zbekistonga eksport qilish va uni Qozog‘iston hududi orqali tashish bo‘yicha shartnoma imzolangan edi, unga ko‘ra, yaqin ikki yil ichida Rossiya o‘zbekistonlik iste’molchilarga yiliga 2,8 mlrd kubometr (kuniga 9 mln kubometr) gaz yetkazib beradi.

7-oktabr kuni esa O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev va Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan birgalikda Moskvada Rossiya tabiiy gazini Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga yetkazib berishni boshlab bergandi.