Toshkentdagi Humo Arena majmuasida qozog‘istonlik qo‘shiqchi Jah Khalib konsertiga kiraverishda tartibsizliklar yuzaga kelgani xaqida videolar tarqaldi. Ayrim Telegram kanallarda ushbu tartibsizliklar vaqti fuqarolar vafot etgani aytildi. Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi “Gazeta.uz”ga holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, 2023-yilning 25-noyabr kuni Humo Arena majmuasiga konsertga kelgan fuqarolar konsertga kirishda tartibsizlik yuzaga qilgan, holat Milliy gvardiya va Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan nazoratga olinib, og‘ir oqibatdan sodir bo‘lishining oldi olingan.

“Lekin ayrim ijtimoiy tarmoq faollari ushbu tartibsizlik jarayonida go‘yoki bir nechta fuqarolar jarohat olgani va vafot etganligi haqida asoslanmagan va tekshirilmagan xabarlarni tarqatmoqda. O‘tkazilgan tekshiruv jarayonida ushbu holatda birorta fuqaro jarohat olganligi va vafot etgani haqida xabar kelib tushmagan”, — deyiladi boshqarma xabarida.

Shuningdek, IIBB ijtimoiy tarmoq faollaridan asoslanmagan va tekshirilmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikni so‘radi.

Avvalroq Milliy gvardiyaning Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi ham tartibsizliklarda tan jarohati olganlar yo‘qligini ma’lum qilgandi.

Keyinroq boshqarma fuqarolar tomonidan konsert dasturi uchun chiqarilgan 10 mingdan ortiq elektron chiptalar sotib olinganini bildirdi. Tashrif buyurgan fuqarolarning chiptalari iTicket xodimlari tomonidan maxsus skaner qurilmasining QR kodi orqali tekshirilib kiritilgan.

“[Saroydagi] o‘rindiqlar to‘lgan bo‘lsa-da, tashqarida mingdan ortiq fuqaro qolib ketib, kirish istagini bildirgan va ushbu harakatlari bilan sun’iy tirbandlikni sodir etgan. Shuni alohida ta’kidlash joizki, ushbu fuqarolarning elektron chiptalari kirish joyida takroran taqdim etilganlik holati aniqlangan. O‘z-o‘zidan ma’lumki, bunday chiptalarga ega bo‘lgan fuqarolar nazorat o‘tish joyidan ichkariga qo‘yilmagan”, — deyiladi xabarda.

Boshqarmaning qo‘shimcha qilishicha, mazkur fuqarolar taqdim etgan elektron chiptalar tanishlari yoki boshqa jismoniy shaxslardan sovg‘a sifatida hamda pul evaziga qo‘lga kiritganliklari ma’lum bo‘lgan. IIO xodimlari tomonidan ayrim fuqarolar elektron chiptalarni o‘z manfaati yo‘lida takroran sotganliklari aniqlangan.

Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Bu kabi noqonuniy ishga qo‘l urgan shaxslarga nisbatan qonuniy choralar ko‘riladi, deya qayd etdi Milliy gvardiya boshqarmasi.