25-noyabr kuni soat 13:10 atrofida Toshkent shahrining Yunusobod tumanida Yutong elektrobusi va King Long avtobusi ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda “Toshshahartransxizmat” kompaniyasi matbuot xizmati.

Tumanning Amir Temur ko‘chasi “Shahriston” bekatida “8-avtobus saroyi” filiali tasarrufidagi 51-sonli yo‘nalishda harakatlanayotgan elektrobus “4-avtobus saroyi” filiali tasarrufidagi 2M-sonli King Long avtobusi bilan to‘qnashgan. Dastlabki ma’lumotga ko‘ra, avtobus yo‘lovchilari orasida tan jarohati olganlar bo‘lmagan.

Ikkala avtobus ham texnik shikastlangan.️ Kompaniya rahbariyati hamda idoralararo tezkor shtab ishchi guruhi mas’ul xodimlari yo‘l-transport hodisasining kelib chiqish sabablarini o‘rgangan hamda YTH bo‘yicha boshqaruv raisi o‘rinbosari boshchiligida hodisa yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Ushbu hodisa rasmiylashtirilib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.