Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov viloyatdagi oziq-ovqat do‘konlarida yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlarning sotilayotgani yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar berdi viloyat hokimligi matbuot xizmati.

“Meni jahlim chiqqani — uch oylik bola iste’mol qiladigan “Malyutka”larning (bolalar ovqati — tahr.) ham muddati olti oylab o‘tib ketgani. [Uni] xalqimizni aldab sotayotgani kechirib bo‘lmas voqelik”, — dedi Erkinjon Turdimov.

Viloyat hokimligida ishchi guruh tuzilib, Samarqand shahri, Bulung‘ur va Samarqand tumanidagi savdo markazlarida o‘rganish o‘tkazildi. Monitoring natijalari yuzasidan videorolik tayyorlandi.

“Ko‘p joylarda yaroqlilik muddati o‘tgan yoki ishlab chiqarilgan sanasi ko‘rsatilmagan kolbasa va pishloq mahsulotlarini uchratish mumkin”, — deyiladi hokimlik videolavhasida.

muddati o‘tgan mahsulotlar, самарқанд, эркинжон турдимов

To‘rt kun davom etgan o‘rganish davomida ishchi guruh shahardagi 41 savdo shoxobchasini tekshirib, 1736 dona yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulot aniqladi.

“Hurmatli do‘kondorlar, do‘konni egasimisiz, oziq ovqat sotyapsizmi, noinsoflik qilmang va muddati o‘tgan mahsulotlarni sotmang. Yig‘ishtirib olib keting. Bo‘lmasa, biz sizni „yig‘ishtirib olishga“ majbur bo‘lamiz. Ayniqsa, qo‘lda tayyorlanadigan pishiriqlarni ham, kelib chiqish manbasi yo‘q, sertifikatlanmagan, qadoqlanmagan, muddatlari yozilmagan narsalarni bulochka, tort deb sotib yotibdi. [Do‘konda] muzlatgichi yo‘q”, — deya ta’kidladi viloyat rahbari.

Ishchi guruhining video xabariga ko‘ra, do‘konlardan biri sifati kafolatlanmagan 11 turdagi mahsulot sotuvdan olinmagan. Do‘konda qalbaki mahsulotlar ham aniqlangan.

muddati o‘tgan mahsulotlar, самарқанд, эркинжон турдимов

Do‘konlardan birida shirinliklarning yaroqlilik muddati 2022-yil 15-dekabrda tugagan — bir yil kechikkan bo‘lsada, tovarlar hali ham javonda turibdi va shunga o‘xshash holatlar hamma joyda uchrab turadi. “Ba’zi sotuvchilar savdo qilmasdan, [inspektorlarni payqab,] do‘kon eshiklarini yopib ham ketishdi”, deyiladi hikoyada.

Erkinjon Turdimov Samarqand viloyati aholisiga mahsulot xarid qilishda ehtiyot bo‘lishni so‘rab murojaat qildi.

“Sotib olayotgan mahsulotingizning yaroqlilik muddatiga qarang. Chunki, do‘konlarimizda vijdonini yutgan sotuvchilar ham yo‘q emas. Ba’zilari yaroqlilik muddati bir kun o‘tganini bilmay qolishi mumkin, ammo amal qilish muddatidan bir necha oy o‘tgan mahsulotlarni sotyapti. [Muddati o‘tishiga] bir oy qolgan bo‘sa ham yoki bir kun qolgan bo‘lsa ham olmang. „Mayli, farzandimga hech nima qilmaydi“ deyishingiz mumkin, ammo kelajakda bu uning sog‘lig‘iga salbiy ta’sirini ko‘rsatadi. Ertaga topgan bor pulingizni bolangizni davolatish uchun pul sarflab, dorixonama dorixona yugurishingizga to‘g‘ri keladi”, — dedi Erkinjon Turdimov.

Eslatib o‘tamiz, Samarqandda avgust oyida 50 ga yaqin kishi hotdoglardan zaharlanib, yuqumli kasalliklar shifoxonasiga tushgan, to‘yxonadagi 42 kishi esa tadbirdan bir kun avval tayyorlangan salatlardan zaharlangan edi.