23-noyabrdan Toshkentdan Xo‘jakentga va teskari yo‘nalishda elektr poyezdlarining harakati qisman tiklanadi, deb xabar qildi “O‘zbekiston temir yo‘llari” matbuot xizmati.

Kompaniyaning “Gazeta.uz”ga aniqlik kiritishicha, qayta tiklangan reyslar quyidagi vaqtlarda jo‘naydi:

  • soat 06:40 da Xo‘jakentdan Toshkentga;
  • soat 16:58 da Toshkentdan Xo‘jakentga.

Ertalab 07:10 da Toshkentdan Xo‘jakentga, shuningdek, Xo‘jakentdan Toshkentga kunduzi 10:10 da qatnaydigan reyslar hozircha yo‘lga qo‘yilgani yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, 8-noyabrdan harakat tarkibini modernizatsiya qilish maqsadida mazkur yo‘nalishda elektropoyezdlar harakati vaqtincha to‘xtatilgandi.

2021-yil may oyida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati Toshkentda shahar atrofi qatnovi uchun elektropoyezdlar parkini yangilash rejasini e’lon qilgan. Shu tariqa, Xo‘jakent yo‘nalishiga to‘rtta yangi tezyurar elektropoyezdini qo‘yish rejalashtirilgandi, bu esa yo‘l vaqtini hozirgi 2 soat 15 daqiqadan 1 soatga qisqartiradi.

“Gazeta.uz” avvalroq shaharlararo poyezdlarda sayohat qilayotgan yo‘lovchilar va ular ushbu transport haqida qanday fikrda ekani haqida hikoya qilgandi (rus tilida).