O‘zbekiston Markaziy banki raisi Mamarizo Nurmuratov 15-noyabr kuni Qozog‘iston moliyachilari kongressida nutq so‘zladi.

Regulyator rahbari so‘nggi uch yil ichida dunyo monetar va fiskal siyosat, makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlik muhimligini birinchi o‘ringa olib chiqqan qator shoklar bilan yuzlashganini ta’kidladi.

“Agar ilgari markaziy banklar an’anaviy tarzda asosan monetar siyosat bilan shug‘ullangan, narxlar darajasini nazorat qilgan, ularning barcha vositalari va operatsion mexanizmlari inflyatsiyani jilovlashga qaratilgan bo‘lsa, bugungi kunda moliyaviy barqarorlik masalasi nihoyatda muhim bo‘lib bormoqda. Va Markaziy bank narxlar barqarorligi masalasi bilan bir qatorda moliyaviy barqarorlik, shuningdek, hukumat bilan birgalikda moliyaviy konsolidatsiya masalasi bilan ham shug‘ullanishi kerak”, — dedi Mamarizo Nurmuratov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, noaniqlik sharoitida pul-kredit siyosati (PKS), inflyatsiya va iqtisodiy faollik bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar qanchalik kechikish bilan ta’sir qilishini tushunish juda qiyin. Shu sababli aksariyat markaziy banklar oldida quyidagicha sinov turibdi — narxlar barqarorligini va moliyaviy barqarorlikni tiklash, ayni vaqtda esa yuqori inflyatsiya kutilmalarining davom etishi fonida ishonchni yo‘qotish emas, qaytanga mustahkamlash.

“Bugun barchamiz inflyatsion jarayonlarda kuchli barqarorlik va bo‘ysunmaslikni kuzatmoqdamiz. O‘zbekiston tajribasidan kelib chiqib aytamanki, oktabr oyi oxiriga kelib biz 9 foizlik yillik inflyatsiya darajasiga erishdik va bu bizning prognozlarimiz doirasiga to‘g‘ri keladi, biroq ayni paytda shuni ham ta’kidlab o‘tishim kerakki, bazaviy inflyatsiya darajasi hali ham umumiy inflyatsiyadan qariyb 0,6 foiz punkt yuqori shakllanmoqda”, — deya ta’kidladi Nurmuratov.

Bu O‘zbekiston Markaziy banki o‘zining operatsion vositalaridan foydalanib, ham biznes, ham aholining inflyatsion kutilmalarini pasaytirishga erishishi kerakligini ko‘rsatmoqda, dedi regulyator rahbari. “Shu sababli biz inflyatsiya va pul bozoriga nisbatan yuqori marja foiziga qaramay, joriy yilning mart oyidan beri stavkani ancha cheklovchi darajada, 14 foiz darajasida ushlab turibmiz”, — deya tushuntirdi u.

MB rahbarining aytishicha, shuningdek, bankirlar harakatlarini rejalashtirishdagi hozirgi yuqori noaniqlik va volatillik tufayli ko‘proq kelib tushayotgan ma’lumotlarga va o‘zlarining ekspertlik xulosalariga tayanishiga to‘g‘ri kelmoqda, chunki bunday sharoitlarda an’anaviy tahlil mexanizmlari va usullari har doim ham ish bermaydi.

“Yuqori noaniqlik va o‘zgaruvchanlik davrida pul-kredit siyosatining o‘zi ham noaniqlik manbasiga aylanmasligi kerak. Har bir qadamimiz har tomondan o‘rganilgan, signallar aniq va tushunarli bo‘lishi kerak. Bizning fikrimizcha, bugungi kunda narxlar barqarorligi bo‘yicha asosiy sinov bir tomondan ichki taklifning ayrim komponentlari qoloqligi bo‘lsa, ikkinchi tomondan budjet siyosati bilan kuchaytirilishi davom etayotgan va hozirda valyuta bozorida bosim yaratib, import orqali qondirilayotgan ichki talabning o‘sishi hisoblanadi”, — dedi Mamarizo Nurmuratov.

Eng asosiysi — pul-kredit siyosatidagi transmissiyaning cheklangani, ya’ni pul-kredit siyosati talab va narxlarga ta’sir ko‘rsatadigan iqtisodiy munosabatlar tizimidir. “Aytganimdek, real foiz stavkalari allaqachon yuqori bo‘lib turgan vaqtda, transmissiya samaradorligini oshirish ustida ishlar stavkalarni yanada oshirishdan ko‘ra muhimroq rol o‘ynaydi”, — deb tushuntirdi Nurmuratov.

Markaziy bank raisi, shuningdek, iqtisodiy faollik kechiktirilgan talabni to‘liq qondirish uchun zarur bo‘lgan taklifni yarata olmaydigan segmentlarda jamlangan sharoitda regulyatorning vazifalari haqida ham fikr bildirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, turli shakllarda — miqdoriy yumshatish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini subsidiyalash va faollikni tiklash kabi ko‘rinishlarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli fiskal rag‘batlantirishdan so‘ng mintaqaning barcha ishtirokchilari iqtisodiy faolligi tez daromad keltiradigan segmentlarga jamlandi.

“Bu — qurilish sanoati va xizmat ko‘rsatish sohasi. Ular, shubhasiz, kechiktirilgan talabni har taraflama qondirish uchun zarur bo‘lgan taklifni yaratmaydi va shuni ta’kidlashim kerakki, bizda, xususan, uzoq muddatli istiqbolda iqtisodiyotning ishlab chiqarish quvvatini kengaytiradigan va pirovardida iste’mol talabini qondirishi lozim bo‘lgan sanoat tarmoqlarining o‘sishi talab omillarining o‘sish sur’atlaridan orqada qolmoqda. Bunday sharoitda Markaziy bank nima qilishi mumkin? Bu yerda biz faqat makroiqtisodiy o‘sish uchun sharoit yaratishimiz mumkin — bu faqat inflyatsiyani prognoz qilingan ko‘rsatkichlar doirasida ushlab turishdir”, — dedi Markaziy bank rahbari.

Nurmuratov global bozor fragmentlashib borayotgan hozirgi vaziyat haqida gapirar ekan, mintaqa mamlakatlariga ishlab chiqarish zanjirlarini yaxshilash, mintaqaviy tashqi savdo geografiyasini kengaytirish va diversifikatsiya qilish, xavflarni minimallashtirish maqsadida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishni tavsiya qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatlar global bozorning fragmentlashuvidan foydalanishi hamda o‘zidagi talabni tez va har tomonlama qondirish masalalarini hal qilishi, ya’ni taklifni oshirishi lozim.

“Biz pul-kredit siyosatimizning harakatlarida kuchsiz transformatsiyani kuzatmoqdamiz. Avvalo, bu qondirilmagan talab va agentlarning noratsional xatti-harakatlari hisoblanadi. Bir qarashda bu cheklangan daromad kabi ko‘rinadi, lekin ayni paytda yuqori foiz stavkalari sharoitida ham qarzlarga qiziqish juda yuqori. Biz bu o‘rinda, albatta, qo‘shimcha talabni oshirishga qaratilgan bunday harakatlarni ma’lum darajada cheklash uchun makroprudensial choralar ko‘rishimiz kerak”, — dedi Mamarizo Nurmuratov.

Uning aytishicha, mintaqa markaziy banklari “nosog‘lom moliyalashni cheklaydigan va moliyaviy barqarorlik uchun xavflarni kamaytiradigan” makroprudensial choralar bilan ishlashi kerak.

“Oxirgi 3−4 yil ichida iqtisodiyot yuqori budjet taqchilligi sharoitidagi hayotga moslashdi, bu esa og‘irlikni pul-kredit siyosatiga yukladi. Va bunday sharoitda biz fiskal konsolidatsiya zarurligi to‘g‘risidagi pozitsiyaga sodiq qolishda davom etamiz, iqtisodiy faollik o‘sib borayotgan sharoitda muvofiqlashtirilgan fiskal siyosatni olib borish uchun pul-kredit siyosatining ovozi bosqichma-bosqich ko‘tarilishi kerak”, — dedi Markaziy bank rahbari.