Majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Mazkur qonun loyihasi bilan daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini kesishga, kundakov qilishga, shikastlantirishga yoki yo‘q qilishga olib keladigan loyiha hujjatlarini ishlab chiqqanlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda. Shuningdek daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesganlik, kundakov qilganlik yoki shikastlantirganlik uchun ma’muriy jazo choralari kuchaytirilib, bir-birini takrorlovchi normalar chiqarib tashlanmoqda.

Deputat Odiljon Tojiyevning aniqlik kiritishicha, daraxt va butalarni qonunga xilof ravishda kesganlik uchun yuridik shaxslar 99 million so‘mgacha moliyaviy jarima to‘lashidan tashqari, ularga har bir noqonuniy kesilgan daraxt uchun 100 tup ko‘chat ekish va ularni uch yil davomida parvarishlash majburiyati yuklatiladi.

Deputatlarning ta’kidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi daraxtlar va butalarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish yoki yo‘q qilish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklarning oldini olishga, bu borada jismoniy va yuridik shaxslarning mas’uliyatini oshirishga, sohada huquqni qo‘llashning yagona amaliyotini shakllantirishga xizmat qiladi.

Muhokamalar yakunida qonun loyihasi qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Eslatib o‘tamiz, avgustda O‘zbekiston prezidenti daraxtlarni noqonuniy kesganlik uchun jazoni kuchaytirish bo‘yicha parlament tomonidan qabul qilingan qonunni rad etgandi. Hujjat jarimalar miqdori kam bo‘lgani tufayli rad etilgan bo‘lishi taxmin qilingandi.