Rejissyor Ruslan Soliyev tomonidan suratga olingan jadidchilik tarixi haqida hikoya qiluvchi “Armon” hujjatli-musiqiy filmi YouTube’ga chiqarildi.

Film jadidchilikka asos solinishi tarixi, uning namoyondalari taqdiri, 1917-yilgi siyosiy voqealarining islohotchilar harakatiga ta’siri, shuningdek, jadidlarning O‘zbekiston tarixida qoldirgan izi haqida haqida hikoya qiladi. Filmda Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlaridagi ma’rifatparvarlik harakatlariga ham to‘xtalingan.

Jadidchilik harakatini o‘rganuvchi tadqiqotchilar, shuningdek, ma’rifatparvarlarning avlodlari — Hamidulla Boltaboyev, Qahramon Rajabov, Dilorom Alimova, Baxtiyor Hasanov, Timur Xo‘jao‘g‘li, muftiy Nuriddin Holiqnazarov, Sulaymon Inoyatov, Xondamir Qodiriy, Kristofer Jeyms Fort, Nigora Rahimjonova, Azalshoh Hamroyev, Mavluda Rahmonova, Rudolf Barxet, Shohruh va Farrux Behbudiy, Gavhar Zokirova, Shuhrat Saidjonov, Furqatbek Yakvalhojiyev, Adib Xolid, Marianna Kamp, Sergey Abashin, Mark Riz — film davomida XIX-XX asrlarda ro‘y bergan tarixiy jarayonlar haqida o‘z hikoyalari bilan bo‘lishgan.

Filmni suratga olish ishlari O‘zbekiston, Rossiya va Turkiya davlatlarida amalga oshirilgan. Filmda o‘zbekistonlik ijodkorlar (xususan, aktyor Erkin Bozorov va jamoat faoli Said-Abdulaziz Yusupov) bilan bir qatorda boshqa mamlakatlarning san’atkorlari (jumladan, tojikistonlik Manija, qozog‘istonlik Asqar Ilyasov) ham suratga tushgan.

“Ulkan jamoa butun qalbi bilan kirishgan ushbu loyihani tugatish uchun ikki yildan ortiq vaqt ketdi. Bu murakkab va dardga to‘la film. 1,5 soat davomida hamma qahramonlar va barcha voqealar haqida to‘liq hikoya qilib bo‘lmaydi, albatta. Lekin jadidchilik mavzusi trendda ekanligi meni chin dildan quvontiradi. Ma’rifatparvarlar haqida qancha ko‘p hikoya qilinmasin — shuncha oz, chunki jadidlar xotirasi oldida juda qarzdormiz. Umuman, bugungi tahlikali zamonda bu o‘ta muhim mavzu”, — deydi film rejissyori Ruslan Soliyev.

Filmning YouTube’dagi premyerasi 20-noyabr kuni soat 20:00 da bo‘lib o‘tdi. Filmni ushbu havolaga o‘tib yoki quyida tomosha qilish mumkin: