Veolia Energy Tashkent kompaniyasining aniqlik kiritishicha, 1-dekabrdan budjet tashkilotlari va yuridik shaxslar uchun issiqlik ta’minoti narxlarining oshishi kuchga kiradi.

Avvalroq xalq deputatlari Toshkent shahri kengashi tomonidan 2023−2024-yillar isitish mavsumi uchun yangi tariflar tasdiqlangandi.

Tadbirkorlar va aholi uchun tariflar:

  • aholi uchun tarif o‘zgarishsiz qoladi va u 1 Gkal uchun 91 960 so‘mni tashkil etadi;
  • yuridik shaxslar uchun 1,5 baravarga — 1 Gkal uchun 141 737 so‘mdan 212 606 so‘mgacha oshadi;
  • budjet tashkilotlari uchun 1,6 baravarga — 1 Gkal uchun 502 067 so‘mdan 801 963 so‘mgacha oshadi.

Eslatib o‘tamiz, tariflar o‘rtasidagi farq Toshkent budjetidan (ba’zan respublika budjetidan) subsidiyalar hisobidan qoplanadi, ya’ni narxlar ko‘tarilishi fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga, shu jumladan, bilvosita — ularning soliqlari hisobiga ta’sir qiladi. 2023-yilda issiqlik ta’minoti korxonalarining yo‘qotishlarini qoplash uchun davlat budjetidan 1,8 trillion so‘m, 2024-yilda esa 4,5 trillion so‘m ajratilishi rejalashtirilgan. Issiqlik ta’minoti tarmog‘i va jamoat transporti uchun to‘lovlar miqdorining keskin oshishini 1-oktabrdan gaz va elektr energiyasi narxi oshgani, shu sababli issiqlik elektr stansiyalari va avtobuslar yoqilg‘ini oshirilgan narxlarda xarid qilayotgani bilan izohlash mumkin.