Samarqand viloyatidagi “Kattaqo‘rg‘on” poligonida 17-noyabr kuni soat 20:15 da O‘zbekiston Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligiga tegishli Mi-8 vertolyoti o‘quv parvoz chog‘ida halokatga uchradi. O‘zbekiston Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, hodisa oqibatida vertolyot ekipaji halok bo‘lgan. Vertolyot bortida necha kishi bo‘lgani haqida ma’lumot berilmagan.

Bu so‘nggi uch yilda O‘zbekiston harbiy uchoqlari ishtirokida yuz bergan kamida ikkinchi jiddiy hodisadir. So‘nggi 20 yil davomida ko‘p sonli o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilarning o‘limiga sabab bo‘lgan va tafsilotlari jamoatchilikka oshkor qilingan aviahalokatlar esa bir nechtani tashkil etadi. “Gazeta.uz” ochiq manbalardagi ma’lumotlar asosida ushbu hodisalarni bir sahifaga jamladi.

O‘rtachirchiqdagi An-2 halokati

Qulagan An-2 samolyoti aviafalokatdan ikki kun avval. Foto: “Fergana IA”Qulagan An-2 samolyoti aviafalokatdan ikki kun avval. Foto: “Fergana IA”

2006-yilning 19-oktabr kuni tong soat 7:30 da Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumanidagi aerodromga qo‘nish vaqtida “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasining bortida Mudofaa vazirligining harbiy xizmatchilari bo‘lgan An-2 samolyoti halokatga uchragan. Hodisaga ob-havo sharoitining keskin yomonlashuvi sabab bo‘lgan — samolyot tuman oqimiga tushib qolib, aerodromdan tashqarida yerga zarb bilan borib urilgan.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, qulagan samolyot aviahalokatdan ikki kun avval, 2006-yilning 17-oktabrida Toshkent aeroklubi parashyutchilari ishtirokida muvaffaqiyatli parvozni amalga oshirgan. Ammo kuzatuvchilar o‘sha vaqtdayoq samolyot jiddiy eskirgani va ta’mirga muhtojligi sezilganini aytadi. Bundan tashqari, An-2 samolyotlariga 12 dan ortiq odam yoki 1,5 tonnadan ortiq yuk chiqarib bo‘lmaydi — halokatga uchragan An-2 bortida esa uchuvchilar bilan birga jami 15 kishi (ulardan 13 nafari — harbiy xizmatchilar) bo‘lgan, kamiga harbiy xizmatchilarning har biri o‘zi bilan taxminan 15 kilogrammlik parashyut ham olgan edi.

Hodisa oqibatida 15 kishi — ekipajning ikki a’zosi va 13 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lgan. O‘zA axborotiga ko‘ra, o‘shanda hodisa sabablarini aniqlash maqsadida tuzilgan hukumat komissiyasiga aviahalokatga olib kelgan omillarni aniqlab, bu haqda keng jamoatchilikka axborot berish haqida ham topshiriq berilgan.

Mudofaa vazirligining “Vatanparvar” gazetasi 2006-yil 20-oktabr sonida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning ro‘yxati e’lon qilingan:

aviahalokat

  1. katta leytenant Bobirjon Turg‘unaliyevich Mirzaliyev;
  2. katta leytenant Sirojitdin Mahamatkamilovich Qo‘ziyev;
  3. kichik serjant Ruslan Gabbarovich Norkulov;
  4. kichik serjant Boris Isangaliyevich Xodjanov;
  5. kichik serjant Abdumutal Abdilbakiyevich Abdullaxayov;
  6. kichik serjant Mahmudjon Abzamovich Omonov;
  7. kichik serjant Sherzod To‘rayevich Egamberdiyev;
  8. kichik serjant Vohidjon Hamidjonovich Yakubov;
  9. kichik serjant Janibek Umaraliyevich Saidazimov;
  10. kichik serjant Akmal Askaraliyevich Kuchkanov;
  11. kichik serjant Nodir Meliqulovich Sobirov;
  12. kichik serjant Ruslan Yakubovich Bakirov;
  13. kichik serjant Pahlavon Saydullayevich Abdullayev;
  14. ekipaj a’zosi Ilmar Nursagitovich Xasanshin;
  15. ekipaj a’zosi Zuhriddin Shuhratovich Sotqulov.

Farg‘onadagi Mi-171 halokati

2016-yilning 18-oktabr kuni Farg‘ona viloyatida O‘zbekiston Mudofaa vazirligining Mi-171Ye vertolyoti halokatga uchradi. O‘zAning Mudofaa vazirligiga tayanib tarqatgan xabariga ko‘ra, hodisa oqibatida jami 9 kishi — ekipajning uch a’zosi va Qurolli Kuchlarning olti nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘lgan (o‘shanda O‘zbekiston rahbariyati halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirgan, O‘zbekiston rahbariyatiga Qirg‘iziston prezidenti ham hamdardlik bildirgan). Hodisaning boshqa tafsilotlari, jumladan, halok bo‘lganlar ro‘yxati e’lon qilinmagan.

Oradan bir necha oy o‘tib, 2017-yil 12-yanvarida prezidentning Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan mukofotlash to‘g‘risidagi farmoniga asosan 9 kishi vafotidan so‘ng jasorat medali bilan taqdirlangan. Bu 9 kishi aynan Farg‘onadagi aviahalokat qurbonlari bo‘lishi mumkinligiga ishora qiluvchi axborot hodisadan bir yarim yil o‘tib “Xalq so‘zi” gazetasida e’lon qilinadi.

Mayor Elyor Choriyevni xotirlab tayyorlangan materialda uning 2016-yil 18-oktabr kuni Farg‘onadagi vertolyot qulashida halok bo‘lgani, vafotidan so‘ng prezidentning 2017-yil 12-yanvaridagi farmoniga asosan “Jasorat” medali bilan taqdirlangani aytiladi.

Surxondaryodagi O‘zbekiston va Afg‘oniston samolyotlari to‘qnashuvi

2021-yilning 14−15-avgust kunlari, Afg‘onistonda hokimiyatning qurolli yo‘l bilan almashinuvi jarayonida, ushbu mamlakatning 22 ta harbiy samolyoti va 24 ta harbiy vertolyoti “Tolibon” ta’qibidan qochib, O‘zbekiston havo hududiga kiradi. Ushbu jarayonga doir foto va videoma’lumotlar dastlab ijtimoiy tarmoqlarda tarqaladi. 16-avgust kuni tongda tarqalgan videolarning birida xizmat libosidan uchuvchiga o‘xshash shaxsga yordam ko‘rsatilayotgani ko‘rinadi, lekin uning aynan qaysi mamlakat uchuvchisi ekanligini aniqlab bo‘lmaydi. Shu bilan birga, tarmoqda Afg‘oniston harbiy havo kuchlarining belgisi tushirilgan samolyot bo‘laklarining suratlari ham paydo bo‘ladi.

aviahalokat

Oradan ko‘p o‘tmay, bir necha afg‘onistonlik va bir o‘zbekistonlik shifoxonaga yotqizilgani haqida xabarlar tarqaladi, ammo shifoxonaga yotqizilgan o‘zbekistonlik aynan qanday holatda jarohatlangani haqida ma’lumot berilmaydi. Tushdan so‘ng O‘zbekiston Mudofaa vazirligi Surxondaryoda Afg‘oniston samolyoti qulaganini tasdiqladi, ammo O‘zbekiston samolyoti haqida ma’lumot bermadi. Faqat 16-avgust oqshomida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi nafaqat Afg‘oniston, balki O‘zbekiston samolyoti ham qulagani haqida axborot beradi.

aviahalokat

Unga ko‘ra, 15-avgust kuni Qashqadaryodagi “Xonobod” aeroportiga qo‘nish uchun ruxsat so‘ragan Afg‘onistonning uchta Embraer 314 harbiy samolyoti Termiz aeroportiga qo‘nish to‘g‘risida ogohlantirilib, ular O‘zbekistonning ikkita MiG-29 qiruvchi samolyotlari kuzatuviga olinadi. “Lekin kuzatuv davomida Embraer 314 va MiG-29 samolyotlari to‘qnashib, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani hududiga qulagan. Ushbu samolyotlar uchuvchilari parashyut (katapult) orqali yerga tushishgan”, — deyiladi Bosh prokuratura axborotida.

Hodisaning boshqa tafsilotlari ma’lum qilinmagan.

Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasidagi ko‘plab insonlar o‘limiga sabab bo‘lgan so‘nggi yirik aviafalokat 2004-yili 13-yanvar kuni Toshkent aeroportida yuz bergan. O‘shanda Termizdan kelayotgan Yak-40 samolyoti noqulay ob-havo sharoitida poytaxt aeroportiga qo‘nishga urinib, uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketgan va aeoroport devoriga borib urilgan. Hodisa oqibatida samolyot bortida bo‘lgan 37 kishining bari halok bo‘lgan. 15-yanvarda O‘zbekistonda umummilliy motam e’lon qilingan.