Prezidentning 17-noyabrdagi “Ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida"gi farmoni bilan 1-dekabrdan ularning miqdori 7 foizga oshiriladi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Xususan:

  • pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori — 372 ming so‘m;
  • yoshga doir eng kam pensiya miqdori — 725 ming so‘m;
  • mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori — 1 mln 50 ming so‘m etib belgilanmoqda.

Shuningdek, bazaviy hisoblash miqdori (BHM) 1-dekabrdan 3 foiz miqdorda (7 foiz emas) o‘zgarib, 340 ming so‘m etib belgilanmoqda.

Ma’lumot uchun, yil davomida ish haqi, pensiya va ijtimoiy nafaqalar jami 14,5 foizga oshgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdori esa bundan kamroq, ya’ni 13 foizni tashkil etgan.

8-may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev referendum yakunlariga bag‘ishlangan uchrashuvda ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori muntazam oshirib borilishini ta’kidlagandi. Buning uchun budjetdan har yili qo‘shimcha 30−40 trln so‘m ajratish kerak bo‘ladi.

2024-yilda davlat budjetining ish haqi, pensiyalar, stipendiya va nafaqalar miqdorini va ayrim xizmatlarning tariflarini oshirish bilan bog‘liq xarajatlari 9,6 trln so‘mni tashkil etadi. Umumiy hisobda ish haqi, pensiya va stipendiyalarga davlat budjeti xarajatlarining yarmidan ko‘pi yo‘naltiriladi.