10-noyabr kuni BMT Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade mamlakatdagi missiyasini yakunladi. Mazkur lavozimdagi so‘nggi intervyusida u “Gazeta.uz”ga ijtimoiy xodimlarning ahamiyati, nima uchun ijtimoiy himoya sohasida tezkor natijalarga intilmaslik kerakligi haqida gapirib, har birimiz tug‘ilganimizda boshqalarga nisbatan yetarlicha inklyuziv bo‘lganimizni ta’kidladi.

— Joriy yilning iyun oyida O‘zbekistonda Ijtimoiy himoya agentligi tashkil etildi. Siz ham uni tashkil etish jarayonida ishtirok etdingizmi va ushbu agentlik ish mexanizmlarining umumiy samaradorligini qanday baholaysiz?

— Ushbu agentlikning tashkil etilishida bevosita va bilvosita ishtirok etdik. Birinchidan, so‘nggi bir necha yil davomida biz ijtimoiy himoya bilan bevosita shug‘ullanadigan institut yaratish muhimligi haqida gapirib kelyapmiz, chunki bu sohada tarqoqlik bor edi. Adashmasam, 16 ga yaqin davlat idoralari ijtimoiy himoya masalalari bilan shug‘ullanardi. Va ijtimoiy himoyaning barcha asosiy masalalarini qamrab oladigan institutsional mexanizmga ehtiyoj bor edi. Bizning holatlarimizda, birinchi navbatda, ular — bolalar, nogironlar, yolg‘iz qariyalar, biroq aholining boshqa zaif toifalari ham mavjud. Va, mana, birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz hamda ushbu g‘oyani ilgari surish orqali Ijtimoiy himoya strategiyasi qabul qilinib, ushbu strategiya doirasida vazirlik yoki idora tashkil etish ko‘zda tutildi.

Ushbu agentlikning funksional imkoniyatlarini ishlab chiqish bizning bevosita ishtirokimizda amalga oshirildi. Bu YUNISEF bilan boshlandi, biroq ijtimoiy himoya masalalari bilan shug‘ullanuvchi rivojlanish bo‘yicha barcha hamkorlar yakdil bo‘lishi, zarur texnik yordamni ko‘rsatishi, tarqalib ketmasdan, yagona frontda jam bo‘lishi juda muhim deb hisoblaymiz. Biz Xalqaro Mehnat Tashkiloti, Jahon banki bilan yaqindan hamkorlik qilamiz va ijtimoiy himoya sohasida uchta asosiy hamkor sifatida ushbu agentlikni qo‘llab-quvvatlaymiz.

Hozirda ko‘rsatilishi zarur bo‘lgan turli xizmatlar shakllari aniqlanmoqda. Birinchidan, O‘zbekistonda ijtimoiy ta’minotning asosiy shakli hali ham sovet davridan bizga meros qolgan to‘lovlar va ijtimoiy muassasalar, ya’ni maktab-internatlar ko‘rinishida. Albatta, to‘lovlar bo‘yicha sezilarli yutuqlarga erishildi. O‘zaro hamkorligimiz tufayli bolalar va kam ta’minlangan oilalarga ehtiyojni aniqlash, nafaqalar berishda inson omilini, hatto mahalliy korrupsiyani bartaraf etishga yordam bergan yagona reyestr joriy etildi.

Ammo ijtimoiy himoya haqida gapirganimizda, bu nimani anglatishining aniq ta’riflari mavjud. Ijtimoiy himoya va uning mexanizmlari doimo tandemda, ya’ni xizmatlar to‘lovlar bilan birgalikda amalga oshirilishi kerak. Xizmatlar haqida gapirganimizda, aholiga maksimal darajada yaqin bo‘lgan zamonaviy ijtimoiy xizmatlar shakllarini nazarda tutamiz va bu kabi xizmatlarga ehtiyoji bo‘lganlarning aniq doirasini belgilab olishimiz lozim. Ular qiyin hayotiy vaziyatlarga tushib qolgan odamlar, oilalar va bolalardir.

ijtimoiy himoya, инклюзия, мuniр мамедзаде, юniсеф

Preventiv qismga ko‘proq e’tibor qaratish kerak, chunki bizning mamlakatlarda ijtimoiy himoya asosan chora ko‘rishga asoslanib ishlaydi. Ya’ni, agar bolani oiladan olib qo‘yish, maktab-internatga joylashtirish kerak bo‘lsa yoki inklyuziv xizmatlar yo‘qligi sababli, nogironlar uchun, shu jumladan bolalar uchun ko‘pincha yagona chora — internatga joylashtirish hisoblanadi. Xuddi shu narsa yolg‘iz qariyalarga ham tegishli. Ammo mahallalar yoki mahalla klasterlari darajasida joylarda tayanch ijtimoiy xizmatlar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, preventiv xizmatlar orqali ko‘plab bu kabi qiyin vaziyatlarga tushib qolish holatlarining oldini olish hamda o‘z vqatida oilalardagi xavf-xatarlarning oldini olish imkoniyatiga ega bo‘lamiz.

Buning uchun esa kuchli mahalliy kadrlar va ijtimoiy xodimlar kerak. Afsuski, bizning tizimimizda professional darajada tayyorlangan ijtimoiy xodimlar yo‘q yoki ular juda kam. Agentlik bilan birgalikda hozirda barcha darajadagi ijtimoiy xizmatlarning shakl va ko‘rinishlarini belgilab olishimiz mumkin bo‘lgan ijtimoiy faoliyat to‘g‘risidagi qonunni, keyinroq esa ijtimoiy xizmatlar to‘g‘risidagi qonunni qabul qilishni ilgari surmoqdamiz.

Masalan, sog‘liqni saqlash sohasida birlamchi, ikkilamchi yoki uchinchi darajali tibbiy yordam haqida gapiramiz. Ijtimoiy xizmatlarda ham xuddi shunday. Ya’ni, mahalliy darajada ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan ma’lum bir xizmat ko‘rsatish shakli mavjud, tuman darajasida olinishi mumkin bo‘lgan yanada ixtisoslashgani yoki viloyat yoki respublika darajasida ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan yuqori malakali xizmatlar mavjud.

Va, albatta, ayni paytda institutsionalizatsiya jarayoni muhokama qilinmoqda. Bu bolalarning internat muassasalariga tushishining oldini olish uchun qilingan. Tadqiqotlarimiz shuni ko‘rsatadiki, bolalarning qariyb 90 foizi kamida bitta tirik ota-onaga ega, biroq ayni paytda ijtimoiy yetim hisoblanib, ushbu muassasalarga tushib qolishadi. Vaholnki turli xil shakllar, muqobil parvarishlash usullari mavjudligini bilamiz. Agar biz davlat yordamiga muhtoj bo‘lgan o‘sha yolg‘iz ona bilan o‘z vaqtida ishlasak, bolaning oilasidan ajralishining oldini olishimiz mumkin.

Bizda bunday muassasalarga qisqa vaqtga bo‘lsa ham tushib qolish ham bolalar hayotida juda chuqur iz qoldirishi, bu esa ularning kognitiv va jismoniy rivojlanishiga, shuningdek, kelajakda aqliy salomatligiga ta’sir qilishiga oid global empirik dalillar mavjud. Sovet davrida bunday muassasalarning bo‘lishi yaxshi deb hisoblanardi, chunki davlat shu tarzda o‘z farzandlari yoki eng zaif odamlarga g‘amxo‘rlik qilishini ko‘rsatardi. Ammo hozir bunday muassasalarga bolalar va hatto kattalarni joylashtirish eng oxirgi chora bo‘lishi kerak. Ungacha esa preventiv xizmat yoki oilaviy uylar, turli xil muqobil shakllar, homiylik va boshqalar turishi lozim. Ijtimoiy ta’minot sohasida hali qilinadigan ishlar ko‘p. Bu qisqa muddat agentlikning to‘g‘ri yo‘lda ekanini ko‘rsatmoqda, ammo natijani baholashga hali juda erta.

Shu o‘rinda alohida ta’kidlamoqchimanki, ijtimoiy himoya va aholining zaif qatlami bilan ishlash alohida e’tiborni talab qiladi va bu yerda shoshish kerak emas, chunki shoshsak, juda ko‘p xatolarga yo‘l qo‘yishimiz mumkin. Qo‘shni davlatlar, mintaqa mamlakatlari va Sharqiy Yevropa tajribasi allaqachon mavjud, jumladan, 1990-yillarda Ruminiyada “internatlar — yomon, kelinglar ularni yopamiz va bolalarni uy-uylariga jo‘natamiz”, degan siyosat yuritilgani sababli barcha muassasalar yopildi. Joylarda esa qo‘llab-quvvatlash xizmatlari yo‘q edi. Va bu teskari ta’sir ko‘rsatdi.

Shuning uchun har bir qaror zaif qatlamlar bunday vaziyatdan chiqib ketishi, ularni qo‘llab-quvvatlashi uchun bolalar manfaatlarini ko‘zlab qabul qilinishi kerak, chunki bu qandaydir bir martalik qaror yoki aksiya emas, bunday toifa bilan tizimli ishlash, monitoringlar o‘tkazib turish kerak. Bunday hollarda, menimcha, shoshilishning hojati yo‘q. Tushunaman, O‘zbekistonda barchasini tez va yaxshi natijalar bilan qilishni xohlashadi. Ammo muammolarga juda muvozanatli va progressiv yondashish kerak bo‘lgan muayyan sohalar mavjud.

— O‘ylaymanki, hozirda biz birinchi navbatda natijaga emas, balki oldimizga qo‘yilgan maqsadlarga e’tibor qaratishimiz kerakligi haqida juda muhim fikr bildirildi.

— Tushunaman, davlat boshqaruvida har doim KPI haqida, natijalarga erishish haqida gapirishadi. Ammo bu yerda odamlarning taqdiri haqida gapirayotganimizni unutmasligimiz lozim. Bu mutaxassislar va ekspertlarni jalb qilgan holda amalga oshirilishi kerak. Bu ishlarning barchasi yakka tartibda va har bir oila bilan individual rejalashtirish asosida amalga oshirilishi zarur. Va bu rejalar ko‘pincha xalqaro amaliyotda kamida uch oy, olti oy, hatto bir yilga tuziladi. Ya’ni, u yerda umumlashtirish mumkin emas, barcha muammolarni tezda hal qilish ham imkonsiz.

— Yaqinda Ijtimoiy himoya agentligi, Adliya vazirligi va YUNISEF bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi qonun loyihasini tayyorlayotgani ma’lum bo‘ldi. Aytingchi, u qanday choralarni o‘z ichiga oladi?

— Joriy yilning aprel oyida oiladagi zo‘ravonlikka doir amaldagi qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar qabul qilindi. Biz ham bu jarayonda bevosita ishtirok etdik, chunki oiladagi zo‘ravonlik yoki gender asosidagi zo‘ravonlik haqida gap ketganda, bolalar bu vaziyatda bevosita qurbon bo‘lishadi.

Ammo bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning turli shakllari va tegishli choralarni belgilab beruvchi keng qamrovli hujjat qabul qilish zarur. Chunki zo‘ravonlikning jismoniy, ruhiy va boshqa turli shakllari mavjud. Va nafaqat oilada, balki ta’lim muassasalarida, xuddi shu internat muassasalarida ham. Ya’ni, zo‘ravonlikning barcha ko‘rinishlari, ularni hal qilishning turlicha yondashuvlari va preventiv qismini belgilab beruvchi keng qamrovli hujjat qabul qilish zarur.

Albatta, qonunning qabul qilinishi — yaxshi, bu aniq siyosiy ishora va xabar beradi. Biroq ish shu bilan tugab qolmasligi kerak. Bu shu kabi vaziyatlarda chora ko‘rishga mas’ul mutaxassislarning o‘zlarini tayyorlash nuqtai nazaridan tandem bo‘lib ishlashi kerakligini tushunamiz. Ta’kidlaganimdek, ular ijtimoiy xodimlar, psixologlar, bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri bolalar bilan ishlaydigan davlat xizmatlari xodimlari yoki xizmat ko‘rsatuvchilarning butun boshli kontingentidir.

ijtimoiy himoya, инклюзия, мuniр мамедзаде, юniсеф

Ammo bu ota-onalarning o‘zlari bilan ham ishlash degani. Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik haqida gap ketganda, menimcha, biron bir ota-ona, alohida holatlardan tashqari, o‘z farzandiga yomonlik qilishni xohlamaydi yoki ravo ko‘rmaydi. Bu ota-onalik mahoratining yetishmasligi masalasi ekani, bu bolaning taqdiriga qanday iz qoldirishini tushunamiz. Ba’zilarimiz tarbiyaning eng yaxshi shakli, bu — bolani jazolash, bola bugungi kun voqeligiga ko‘proq moslashib olishi uchun u bilan shafqatsiz munosabatda bo‘lish kerak deb o‘ylashimiz mumkin. Biz buni ba’zan o‘g‘il bolalarga nisbatan ko‘ramiz.

Qizlarga nisbatan zo‘ravonlik shakli zo‘ravonlikka olib keladigan gender stereotiplari va me’yorlari mavjudligi nuqtai nazaridan jiddiyroqdir. Mazkur qonun nimaga e’tibor qaratish, zo‘ravonlik shakllari, masalan, bolalarga nisbatan jismoniy jazo yoki boshqa ko‘rinishlarni aniqlash va ularni taqiqlash bo‘yicha chegalarni ishlab chiqishga imkon beradi. Zo‘ravonlik bilan ishlash va qonunni amaliyotga tatbiq etish mexanizmlarini ham o‘ylab chiqish kerak.

— Ushbu qonun loyihasini muhokama qilish chog‘ida, YUNISEF tadqiqotiga ko‘ra, o‘smir qizlarning 33 foizi er o‘z xotinini kaltaklash huquqiga ega ekanligiga ishonishi hayratlanarli edi. Yuqori kabinetlar va anjuman zallaridan har bir odamga, u ma’lumot manbalaridan qanchalik uzoqda yashamasin, bu norma emasligi haqidagi bilimlarni qanday yetkazish kerak?

— Bu borada eng yaxshi o‘rnaklarni aniqlab, ularni targ‘ib qilishimiz kerak. Vakillik rahbari sifatida mening darajamda ham, yig‘ilishlarda o‘tirib, bu gaplarni aytsam ham, qisqa vaqt ichida jiddiy natija ko‘rmasligimizni tushunamiz. Tizimli ish kerak va u xulq-atvor normalarini o‘zgartirish nuqtai nazaridan amalga oshirilishi lozim. Buning uchun hech bo‘lmaganda, ehtimol, men hatto raqam aytishdan ham qo‘rqan bo‘lardim… 5−10 yil ham yetarli bo‘lmasligi mumkin. Ammo, shu bilan birga, bu juda ko‘p vaqt talab qiladi, deyish ham mumkin emas, keling, bu vaqt kelguncha kutamiz. Choralar ko‘rilishi lozim.

YUNISEFda bunday metodologiya mavjud, biz xulq-atvor me’yorlari ustida ishlamoqdamiz va bu shunchaki xabardor qilish chegaralaridan chiqadi. Sizning resurslaringizdan foydalanamiz, ba’zi ma’lumotlarni taqdim etamiz. Bilaman, “Gazeta.uz”ni ko‘pchilik o‘qishadi, ommabop manba, biroq ayni paytda bu xabardor qilish faoliyati joylarda, hamjamiyatlarda, mahallalarda birgalikda olib borilishi lozim.

Biz allaqachon bu yo‘nalishda dasturlarni yo‘lga qo‘yganmiz. Va biz ustuvor deb qaror qilgan sohalardan biri aynan bolalarga nisbatan zo‘ravonlik masalalari. Jamiyat yetakchilari, diniy yetakchilar bilan ishlaymiz. Adashmasam, bir yilcha avval din ishlari bo‘yicha qo‘mita va muftiylik bilan diniy yetakchilarni to‘g‘ri targ‘ibot qilishga jalb qilish maqsadida hamkorlik memorandumini imzolagan edik. Menimcha, buni ongli ravishda anglab yetgunimizga qadar katta natijalarga erisha olmaymiz.

YUNISEF avvalgi mamlakat dasturini mustaqil baholashdan o‘tkazdi va xulosalardan biri shunday bo‘ldiki, tizim darajasidagi ishlar har doim ham bolalar yoki jamoalar hayotidagi o‘zgarishlarga aniq ta’sir ko‘rsatavermaydi. Shuning uchun biz amalga oshiratgan barcha ishlar nafaqat qonunlar qabul qilinishini targ‘ib etuvchi milliy miqyosdagi choralar bilan birga olib borilishi, balki buni joylarda amalga oshirishning to‘g‘ri modellarini ham ko‘rsatishimiz kerak. Oxir-oqibat samarali natijalarni ko‘rsata olishimiz uchun nafaqat milliy hukumatlar bilan, balki mahalliy aholi, jamoalar va ota-onalar bilan ham ishlash lozim.

Umuman olganda, hozirda metodologiyamiz shundayki, biz ko‘proq joylarga chiqyapmiz, hududlarda ko‘proq ishlayapmiz. Mahalliy hokimiyatlarning milliy hukumatlar bilan hamkorlikda ish olib borishi ham juda muhim. Va bu strategiya hamda hujjatlarning barchasi mahalliy rejalar darajasida ham o‘z aksini topishi lozim. Mahalla hamjamiyatini jalb qilgan holda bu boradagi ishlar tizimli davom ettirildi.

— O‘zbekistonda ayollar va bolalar ahvolini o‘rganish bo‘yicha o‘tkazilgan izlanishlarda O‘zbekistonda 2−4 yoshli bolalarning atigi 5 foizi otalari bilan birga vaqt o‘tkazish va rivojlanish nuqtai nazaridan uning e’tiboridan bahra olayotgani haqidagi ma’lumotlar bor edi. Nima uchun shunday deb o‘ylaysiz?

— Bu yerda gap qandaydir atayin yuzaga keltirilgan sabablar haqida ketyapti, deb o‘ylamayman. Menimcha, bu madaniy jihatlar va ijtimoiy normalar bilan bog‘liq, chunki erkaklar oilaning asosi va poydevori hisoblanadi: u pul topishi, ishlashi kerak. Va shunga ko‘ra, bolani tarbiyalash funksiyalari ayollarning zimmasiga yuklatiladi. Va bu jarayonda biz erkaklar har doim ham farzandlarimiz bilan vaqt o‘tkazish va hissiy aloqa qilish muhimligini to‘g‘ri baholay olmaymiz. Chunki bola tarbiyasi ma’lum darajada ikkala ota-onaning ham teng ishtirokini talab qiladi.

Lekin, ehtimol, bu tarbiya masalasi bo‘lishi ham mumkin. Bizning mamlakatlarda, shuningdek, erkakka pul topish va bolani moddiy ta’minlashning o‘zi yetarli deb hisoblashadi. Ammo, o‘ylaymanki, es-hushli bo‘lishimiz bilanoq moliyaviy ta’minotdan tashqari, tez-tez ota-onalarimiz, ayniqsa otalarimiz bilan ko‘proq vaqt o‘tkazish, ularni yaxshiroq tanishni xohlaymiz, desam har kim fikrimga qo‘shilsa kerak.

Mehnat migratsiyasi bilan bog‘liq muammolar ham bor. Erkaklar pul topish uchun migratsiya qilishadi, lekin men buni ko‘proq madaniy jihatlarga bog‘layman. Bu yerda ham otalar farzandlari bilan vaqt o‘tkazish, ularga kitob o‘qish, o‘yin o‘ynash va kognitiv hissiy rivojlanish uchun poydevor qo‘yish juda muhimligini tushunishlari uchun harakat qilishimiz kerak. Inson miyasi dastlabki dastlabki yillarda shakllanganligini isbotlovchi tadqiqotlar mavjud. Va bu hissiy bog‘liqlik, oiladagi ijobiy muhit, bolalar bilan kamida dam olish kunlari, har kuni kamida yarim soat vaqt o‘tkazish, bu — ehtimol, bola rivojlanishiga eng katta sarmoyadir. Va qaysidir ma’noda moliyaviy ta’kinotdan muhimroq.

— O‘zbekistonda hozircha odamlar inklyuziyasi, jumladan, nogironligi bo‘lgan bolalarni qamrab olish yo‘lida kichik qadamlar qo‘yilmoqda — eng qiyin narsa infratuzilmada, ta’lim sohasida ma’lum yutuqlar bor. YUNISEFning bu boradagi sa’y-harakatlari haqida bizga aytsangiz.

— Gapni YUNISEF BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilish jarayonini faol ravishda ilgari surganidan boshlagan bo‘lardim. Bu nima uchun muhim edi? Chunki mazkur xalqaro hujjat jamiyatimizni yanada inklyuziv bo‘lishiga imkon beruvchi talablarni belgilab beradi. Konvensiyani ratifikatsiya qilish orqali esa aniq talablar qo‘yildi. Va, eng muhimi, nogironlik, bu — tashxis emas, balki muayyan toifadagi insonlar uchun hayot normasi degan paradigmalarni o‘zgartirish talab etiladi.

Va bu yerda jamiyatda bunday odamlarni kamsitish va stigmatizatsiya qilishga qarshi kurashish juda muhim, chunki biz bilamizki, tarixdan nogironligi bo‘lgan shaxslar, shu jumladan nogironligi bo‘lgan bolalar biz uchun xayriya obyekti bo‘lib kelgan. Biz ularni Odatda Yangi yil arafasida yoki diniy bayramlarda ular haqda eslab qolamiz, turli muassasalarga boramiz, yordam ko‘rsatamiz, biroq aksariyat hollarda ularni jamiyatning to‘laqonli a’zosi yoki BMT jargoni bilan aytganimizda, huquq egalari sifatida ko‘rmaymiz, bunday toifadagi odamlarga faqatgina nafaqa berish, moliyaviy yordam yoki qandaydir tayanch qo‘mak ko‘rsatish kerak, deb hisoblaymiz. Va shu bilan bizning va davlatning, barchamizning rolimiz tugaydi,

ijtimoiy himoya, инклюзия, мuniр мамедзаде, юniсеф

Ammo bugungi kunda mazkur yo‘nalish birgina tuzilmaning emas, balki butun boshli davlat apparati, joylardagi tuzilmalar va jamoatchilikning barcha sa’y-harakatlarini jiddiy ravishda birlashtirishni talab qilishi bo‘yicha aniq tushunchalar mavjud. Ushbu masalalar bo‘yicha biz ham faol ishtirok etayotgan Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzildi. Shuningdek, BMTning boshqa bir qancha tuzilmalari sa’y-harakatlarini birlashtirish hamda jumladan, O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarning manfaatlarini himoya qiluvchi tashkilotlar bilan faol ishlash va ushbu masalalarni ilgari surishga muvaffaq bo‘ldik.

Biroq, bu yo‘nalish ishlarni progressiv amalga oshirishni ham talab qiladi, ayniqsa gap infratuzilma masalalari, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay muhit masalalari hamda nogironligi bo‘lgan odamlar va bolalar, bu — faqat, qo‘pol qilib aytganda, nogironlik aravachasidan foydalanadigan insonlar emasligi haqida ketganida. Nogironlikning turli shakllari mavjud. Jismoniy va mental (aqliy — tarj.) nogironligi bo‘lgan odamlar bor.

Mental toifaga kelsak, kamsitishlar jismoniy [nogironlikdan] ko‘ra ko‘proq mavjud. Nogironlikka shu kabi yondashuvlar yoki tushunchalar sababli biz odatda nogironligi bo‘lgan bolalarni o‘zlashtirmaydi, deb qabul qilamiz. Sovet davrida ham bu tuzilma bo‘lgan, hozir ham ko‘plab holatlarda nogironligi bo‘lgan bolalarning ota-onalari hatto rivojlanishda qandaydir kechikishi bor, ammo bu hali nogironlik ko‘rinishi bo‘lmagan holatlarda ham bolam o‘qiy olmaydi, deb hisoblab, murojaat qilishadi. Ammo o‘zlashtirmaydigan bolalar bo‘lmaydi. Bu ular uchun munosib muhit yaratish masalasi, bu joylarda mexanizmlar yaratish, maktablarda ishlash, jamiyat bilan ishlash masalasi.

Ba’zida mintaqaning boshqa mamlakatlarida maktablar imkoniyati cheklangan bolalarni qabul qilishga tayyor bo‘lgani, biroq boshqa bolalarning ota-onalari o‘z farzandlarining nogironligi bo‘lgan bolalar bilan birga o‘qishiga qarshi ekanini. Garchi bu bolalarning o‘zlari uchun hech qanday muammo tug‘dirmasa ham. Ya’ni, aslida, har birimiz tug‘ilishdanoq yetarlicha inklyuziv bo‘lamiz, biroq keyin yoshimiz ulg‘aygani sari bizda muayyan stereotiplar shakllanib, afsuski, fe’limizda yaqqol bo‘y ko‘rsatadigan ushbu kamsituvchi xatti-harakatlarni paydo bo‘ladi.

Shuning uchun bu yerda zarur qarorlar qabul qilishda: mazkur masalalarni hal etishning samarali monitoringi, parlament nazorati masalasi, jamoatchilik ishtiroki, fuqarolik pozitsiyasi hamda aholi darajasida tizimli ishlash kerak. Shu joyida bolalar huquqlariga rioya etilishi nuqtai nazaridan ham muhimligini ta’kidlagan bo‘lar edim.

Shuningdek, biz “To‘siqlar” deb nomlangan axborot kampaniyasini ham o‘tkazdik. Hududlarga chiqdik, o‘zim shaxsan ishtirok etdim, nogironligi bo‘lgan bolalarning ota-onalari, bolalarning o‘zlari bilan suhbatlashdik. Va bugun e’tibor talab qiladigan juda ko‘p masalalar bor edi. Ijtimoiy himoya agentligi ushbu masalalarni yurituviga olib, bu borada jiddiy ishlar amalga oshirmoqda.

Biz allaqachon nogironlikni tibbiy modeldan ijtimoiy yoki huquqiy modelga o‘tkazish masalasida texnik yordamni ko‘rsatmoqdamiz va bunda eski sovetcha nogironlik toifalari va guruhlaridan voz kechib, qulay muhit bilan bog‘liq masalalar, qanday qilib ularni jamiyatning mustaqil a’zolari bo‘lishi, jamiyatning teng huquqli vakili sifatida barcha sharoit va xizmatlardan foydalana olishlariga erishishimiz mumkinligini ko‘proq ko‘rib chiqishimiz kerak.

— Sizningcha, O‘zbekistonda maktablardagi o‘smirlar bullingi va kiberbullingi muammosini hal qilishda tizimli yondashuv mavjudmi?

— Hozircha bo‘lmasa kerak. Umid qilamanki, bolalarga nisbatan bullingga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun qabul qilinishi bilan bulling, jumladan, onlayn makondagi zo‘ravonlik zo‘ravonlikning bir turi sifatida belgilab qo‘yiladi. Va biz buni tizimli ish darajasiga o‘tkaza olamiz.

Hozirgacha ishlarning katta qismi qandaydir kampaniyalar, axborot ishlari, loyihaviy yondashuvlar, turli tadbirlar darajasida bo‘lib kelgan. Ammo hozir asosiy vazifa — siz to‘g‘ri ta’kidlaganingizdek, buni tizim darajasiga o‘tkazishdir. Umid qilamanki, ushbu qonun bilan bunga erishamiz.

Shuningdek, yaqin orada bolalar ombudsmani to‘g‘risidagi qonun qabul qilinishiga umid qilamiz. Ya’ni, mustaqil mexanizmlar paydo bo‘ladi. Fuqarolik jamiyati imkoniyatlari mavjudligi yoki kengayishi bilan butun tizimni qura olamiz. Ammo bu yerda tizimli bosqichga o‘tish uchun bolalarning o‘zlari va ta’lim muassasalarida ota-onalar va o‘qituvchilar bilan ishlash juda muhimdir.

— O‘zbekistonda uch yildan ko‘proq vaqt davomida nima ko‘proq esingizda qoldi? Mamlakatimiz haqida nimalarni qayd eta olasiz?

— Bu, ehtimol, eng qiyin savol, chunki bu uch yilu uch oy ichida juda ko‘p narsa sodir bo‘ldi. Avvalo, O‘zbekistonda yuragimning bir parchasini qoldiryapman. O‘zbekiston men uchun ikkinchi vatanga aylandi. Bu yerda ishlab, barcha tuzilmalar, jamoat tashkilotlari va OAV ko‘magini olib, o‘zimni juda qulay his qildim.

ijtimoiy himoya, инклюзия, мuniр мамедзаде, юniсеф

Mandatimiz ancha keng, faoliyatimiz ko‘lami katta va biz birgalikda ishlagan barchaning maqsadi ezgu ekaniga, maqsadimiz oldinga siljish, muammolarni hal qilish bo‘lganiga hech qachon shubha qilmaganman.

Shaxsiy nuqtai nazardan aytadigan bo‘lsam, o‘zimni hayratda qoldirgan asosiy narsa O‘zbekistondagi odamlar bo‘ldi, men ularni juda sevib qolganman. Men ozarbayjonlikman, o‘zimni umumiy madaniyatimizning bir qismi deb bilaman. Bu borada oilamga ham, o‘zimga ham ishlash qulay edi. Shu bilan birga, ishlarimiz va mandatimizni amalga oshirish maqsadlarida O‘zbekiston tomoni bilan qanday o‘zaro munosabatda bo‘lish borasidagi muayyan nanslar va o‘ziga xosliklar borligini ham tushunish kerak.

Nima deyishim mumkin? Ko‘p ijobiy narsalar. Ko‘plab hududlarda bo‘ldim. Albatta, men o‘zbek xalqining mehmondo‘stligini alohida ta’kidlamasdan ilojim yo‘q va bu shunchaki ko‘r-ko‘ronalik darajasida emas, balki qayerga bormang, kim bilan muloqotda bo‘lmang, bu mehmondo‘stlikni chin yurakdan his qilishingiz mumkin.

O‘zbekistonning tabiati, madaniyati, raqsi, musiqasi menga juda yoqadi. Men “Yalla” guruhi va o‘zbek musiqasining ashaddiy muxlisi bo‘lib ulg‘ayganman. Va, ta’kidlaganimdek, bu yer butun umrga mening ikkinchi vatanim bo‘lib qoladi. Oilam shu yerda qoladi, shuning uchun men katta mamnuniyat bilan mehmon bo‘lib kelaman. Hattoki, O‘zbekiston bilan qarindoshlik aloqalarim ham bor. Ammo lavozimni qabul qilib olishimdan avval bu go‘zal mamlakatda bo‘lmagan edim. Va o‘ylanmanki, kelajakda faqat ijobiy narsalar xotiramda qoladi.

— Missiya tugagach, qayerga ketasiz va kelajakdagi rejalaringiz qanday?

— Men mintaqadagi qaynoq nuqtalardan biriga ketyapman, bu — Ukraina. Ammo buni hali ommaga e’lon qilganim yo‘q. Biroq hozir nomzodim qabul qiluvchi davlat tomonidan ma’qullangani sababli, o‘z faoliyatimni o‘sha yerda boshlashni rejalashtiryapman. Buni birinchi bo‘lib sizga e’lon qilyapman.

Davlat Umarov suhbatlashdi.

To‘liq videointervyu